Teylor Sviftning biznes imperiyasi. Xonanda qanday boyiyapti?

Madaniyat-san’at

image

Milliarderlar ham, pop yulduzlar ham juda ko‘p, ammo ular orasida Teylor Svift ajralib turadi. U faqat musiqa sotish bilan cheklanmaydi – uning jamoasi kasseta savdosidan tortib mehmonxona bronlarigacha cho‘ziladigan butun iqtisodiy ekotizim yaratgan.

Svift bir vaqtning o‘zida bir nechta rolni bajaradi: u jahon miqyosidagi ko‘ngilochar yulduz, kino prodyuseri va, Kanzas Siti Chifs jamoasi o‘yinchisi Trevis Kelsi bilan munosabati tufayli, NFL dunyosida ham doimiy mavjud shaxs. 2023 yildan e’tiboran u milliarderlar qatoriga ham kirdi.

Svift kecha, 3 oktyabr kuni o‘zining 12-studiya albomi – “The Life of a Showgirl”ni va shu bilan birga, konsert filmini chiqardi. Ikkalasi ham yana millionlab – balki undan ham ko‘proq – daromad olib kelishi kutilmoqda.

“Bloomberg Billionaires Index” hisob-kitoblariga ko‘ra, uning boyligi oxirgi ikki yilda yana 1 milliard dollarga oshgan va hozirda u 2,1 milliard dollarga yetgan. Bu o‘sishga bozordagi o‘zgarishlar, rekord darajadagi “Eras Tour” gastrollari va uning filmi, shuningdek, Sviftning o‘zining ilk albomlari huquqlarini sotib olishi sabab bo‘lgan.

Ko‘pchilik mashhurlardan farqli o‘laroq, Svift foydali biznes kelishuvlarini o‘z shaxsiyatining bir qismiga aylantirgan. U musiqa industriyasidagi uzoq yillik muammoga – ya’ni san’atkorlar emas, balki ko‘rinmas prodyuserlar asosiy pulni oladigan tizimga qarshi chiqdi.

“Teylor chiqib: “Men bunday bo‘lishiga yo‘l qo‘ymayman, butun soha tizimini o‘zgartiraman“, dedi. Shu sababli “Swiftonomics” (Svift iqtisodiyoti) degan tushuncha paydo bo‘ldi”, deydi Oregon universiteti musiqa professori Dryu Nobayl.

Film premeralari

Teylor Sviftning so‘nggi konsert filmi – “Taylor Swift: The Eras Tour” – pandemiyadan keyin sekinlashgan kinoteatr bozori uchun mislsiz darajadagi turtki bo‘ldi. IMDB ma’lumotlariga ko‘ra, u butun dunyo bo‘ylab 261,7 million dollar daromad keltirgan.

Filmni tarqatgan AMC kinokompaniyasining ma’lum qilishicha, ushbu loyiha “bir kundagi oldindan chipta sotuvi bo‘yicha barcha rekordlarni buzgan” – hatto chiptalar sotuvga chiqqandan uch soat o‘tar-o‘tmas “Spider-Man: No Way Home” rekordini ham ortda qoldirgan.

Svift an’anaviy studiyalar bilan ishlamaslikni tanladi va to‘g‘ridan to‘g‘ri AMC bilan hamkorlik qildi, bu esa unga umumiy daromadning ancha katta ulushini olish imkonini berdi.

Endi esa u yana bir film bilan qaytmoqda: “Taylor Swift: The Official Release Party of a Showgirl” – yangi albomi uchun chiqarilayotgan konsert filmi bo‘lib, u faqat bir haftaning oxirida namoyish etiladigan “reliz kechasi” tarzida uyushtiriladi. “Deadline”* ma’lumotlariga ko‘ra, bu filmning faqatgina AQSHdagi daromadi 30–35 million dollar orasida bo‘lishi kutilmoqda.

“Svift kinoteatrdan faqat film namoyishi uchun emas, balki o‘z musiqasi, karerasi va shaxsiy imijini targ‘ib qilish maydoni sifatida foydalanish usulini tubdan o‘zgartirdi”, deydi “Comscore” bozor tahlilchisi Pol Dergarabedyan.

Mahalliy biznesni rivojlantirish

Teylor Sviftning ulkan “Eras Tour” gastrollari u tashrif buyurgan 51 ta shahar iqtisodiyotiga beqiyos ta’sir ko‘rsatdi. Bu gastrol tarixidagi eng ko‘p daromad keltirgan turne bo‘lib, faqatgina Shimoliy Amerikada chipta sotuvidan 2,2 milliard dollar foyda keltirgan.

“Question Pro” so‘rov kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, Svift muxlislari ˜– Swifties – ushbu turne bilan bog‘liq holda AQSHda taxminan 5 milliard dollar sarflashgan. AQSH Sayyohlik Assotsiatsiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, har bir ishtirokchi o‘rtacha 1 300 dollarni sayohat, mehmonxona, ozuqa va suvenirlar uchun sarflagan.

Svift gastrolda bo‘lgan shaharlar markazlarida avtomobil harakati va mehmonxonalar bandligi keskin oshgan, Pensilvaniya shtatidagi Pittsburg kabi shaharlarda rekordlar yangilangan.

Albom chiqarilishi, albatta, “Eras Tour” kabi YAIM (yalpi ichki mahsulot) raqamlariga ta’sir qilmaydi, ammo Amerika universiteti iqtisod fanlari professori Kara Reynoldsning ta’kidlashicha, Sviftning albomlari boshqa ijodkorlarga qaraganda maxalliy iqtisodiyotda ko‘proq pul aylanishiga sabab bo‘ladi.

Bu esa o‘z navbatida reliz kechalarini o‘tkazayotgan barlar faoliyatiga, muxlislar kecha uchun yangi kiyim sotib olishiga va konsert filmini tomosha qilish uchun kinoteatr chiptalari sotuviga to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sir ko‘rsatadi.

O‘z musiqiy katalogiga egalik qilish

“Bloomberg Billionaire’s Index” ma’lumotlariga ko‘ra, Teylor Svift 2019 yildan beri yaratgan musiqa asarlarining umumiy qiymati 400 million dollar atrofida baholangan. Eng muhim qadamlaridan biri – Svift o‘zining ilk albomlariga oid master yozuvlar huquqini xususiy investitsiya fondidan qayta sotib olishi bo‘ldi. Bu bilan u butun musiqiy merosiga, shu jumladan “Taylor’s Version” qayta yozilgan albomlari ustidan ham to‘liq nazoratga ega bo‘ldi.

Endi u nafaqat ilk ijodiy ishlarining tarixiy muvaffaqiyatidan foyda oladi, balki “Eras Tour” tufayli yanada katta shon-shuhratga erishgan yangi loyihalaridan ham daromad ko‘radi.

Iqtisodchi Kara Reynolds ta’kidlashicha, Svift yangi albom chiqarganida uning oldingi ishlariga bo‘lgan talab ham keskin ortib ketadi, bu esa qo‘shimcha daromad manbai hisoblanadi.

Svift oxirgi ikki yilda Spotify’ning dunyo bo‘yicha eng ko‘p tinglangan ijrochisi bo‘lgan. Uning albomlari 100 marotabadan ortiq platina maqomiga erishgan (ya’ni har biri 1 milliondan ziyod nusxada sotilgan). Bu hisobga singllar va albomdan tashqari chiqarilgan qo‘shiqlar kirmaydi.

Striming xizmatlarining o‘sishi natijasida musiqachilar uchun asosiy biznes modeli – faqat albom sotish – endi asosiy daromad manbai emas. Svift bu yangi yo‘lning peshqadamlaridan biri bo‘lib, u yangi albomni “kichik sanoatlar”ni ishga tushiruvchi platforma sifatida ko‘radi:

  • merch (brendlangan mahsulotlar),
  • kolleksiyaga mo‘ljallangan vinil va kassetalar,
  • konsert turlari,
  • filmlar.

“Endi faqat albom sotuvi yoki chiptalar emas. Bu butun bir iqtisodiy mexanizmga aylandi”, deydi musiqa professori Dryu Nobayl.


Maqola muallifi

Teglar

Teylor Svift

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing