“Tinchlik uchun”. Isroil va Livan o‘rtasidagi samarasiz sulh yana 45 kunga uzaytirildi

Olam

image

Isroil va Livan o‘rtasidagi sulh yana 45 kunga uzaytirildi. Bu haqda AQSH Davlat departamenti vakili Tommi Pigott ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, amaldagi o‘t ochishni to‘xtatish rejimi 17 may kuni yakunlanishi kerak edi. Endi esa muzokaralar 2–3 iyun kunlari davom ettiriladi. Shuningdek, 29 may kuni Pentagonda ikki davlat harbiylari o‘rtasida maslahatlashuvlar bo‘lib o‘tadi.

Tommi Pigottning ta’kidlashicha, ushbu muzokaralar ikki davlat o‘rtasida mustahkam tinchlikka erishish, suverenitet va hududiy yaxlitlikni o‘zaro tan olish hamda umumiy chegara xavfsizligini ta’minlashga xizmat qilishi kutilmoqda.

14 aprel kuni Vashingtonda Isroil va Livan vakillari o‘rtasida 1993 yildan beri ilk to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazilgan edi. Unda ikki davlatning AQSHdagi elchilari ishtirok etgan.

16 aprel kuni Donald Tramp Isroil va “Hizbulloh” o‘rtasida sulhga erishilganini e’lon qilgan. Biroq, Isroil mana shu muddatda ham o‘z so‘zida qanchalik turishini isbotlab qo‘ydi. Joriy yilning 7 may kuni Isroil va “Hizbulloh” o‘rtasidagi sulh kuchga kirganidan beri ilk bor Isroil harbiy-havo kuchlari Bayrut chekkasiga aviazarba berdi. AQSH hujum haqida oldindan xabardor qilingan va bunga rozilik bergan.

Shu bilan birga, 10 may kuni Livan Sog‘liqni saqlash vazirligi so‘nggi 24 soat ichidagi Isroil hujumlari 51 kishining o‘limiga sabab bo‘lgani, ular orasida ikki nafar tibbiyot xodimi ham borligi haqida xabar berdi.

Umuman olganda , 16 aprel kuni kuchga kirgan o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvidan buyon Livanda 552 kishi o‘ldirilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Donal'd Tramp Isroil Livan

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing