“Tobutimni ko‘tarmay qo‘ya qoling”. Yaqinlarning ta’nasi va muhojirlik hayoti

Intervyu

O‘zbekistonda barqaror ish, obro‘li faoliyat va yaqinlari bag‘rida osoyishta hayot – ko‘pchilik uchun orzu qilinadigan manzara. Ammo ba’zida hayot insonni aynan shu qulayliklardan voz kechib, butunlay yangi yo‘l tanlashga undaydi. Anqarada yashayotgan Abdulaziz Ahmad hikoyasi ham aynan shunday qarorlar, tavakkal va sinovlar haqida.

U O‘zbekistonda maktabgacha va maktab ta’limi tizimida faoliyat yuritgan, nashriyot va jurnallarda ishlab tajriba orttirgan mutaxassis edi. Ammo u o‘z hayotini rezyumedagi chiroyli satrlar emas, balki qabul qilgan qarorlari belgilashini tanladi. Turmush o‘rtog‘i Turkiyada o‘qish uchun grant yutganidan so‘ng Abdulaziz hammasini ortda qoldirib, uning ortidan Anqaraga yo‘l oldi.

Bu qaror oson kechmadi. Uydagi bor-budini sotib, atigi 700 dollar bilan yo‘lga chiqqan Abdulaziz uchun yangi hayot kutilganidan ancha murakkab boshlandi. Tilni bilmaslik, ish va turarjoy muammolari, byurokratik jarayonlar – bularning barchasi bir vaqtning o‘zida boshiga tushdi. 

Turkiyada uy ijarasi tizimi ham u o‘rganib qolgan tartibdan mutlaqo farq qilardi. Depozit, oldindan to‘lov, makler haqi, kommunal xizmatlarni rasmiylashtirish – bularning bari yangi muhitga moslashishni yanada qiyinlashtirdi.

Dastlab ular oddiy mehmonxonada yashadi. Ish topish esa yana bir muammo edi. Oxir-oqibat Abdulaziz baliq restoranida ishlashga majbur bo‘ldi. U na tilni bilardi, na baliq tozalashni. Shunga qaramay, yashash uchun har qanday ishga rozi bo‘ldi. Kuniga 12 soat ishlasa-da, daromadi juda kam edi.

Ammo haqiqiy burilish uning turmush o‘rtog‘i tashabbusi bilan boshlandi. U milliy taomlar tayyorlashni bilardi va shu ko‘nikmasini ishga solishga qaror qildi. Avvaliga oddiygina ijtimoiy tarmoqlarda e’lon berildi. Birinchi buyurtmalar kela boshladi. Shu tariqa ular uy sharoitida o‘zbek milliy taomlarini tayyorlab sotishni yo‘lga qo‘ydi.

Anqarada o‘zbek oshxonalari kamligi, yetkazib berish xizmatining yo‘qligi bu ishni tez rivojlantirishga yordam berdi. Abdulaziz ham restoran ishini tashlab, oilaviy biznesga qo‘shildi. Osh, manti, somsa, sho‘rva – bular orqali ular nafaqat daromad topdi, balki vatandoshlar uchun ham xizmat qildi.

Shu bilan birga, Abdulaziz yana bir yo‘nalishda ham harakat qildi – kitob savdosi. U Turkiyadagi kitob do‘konlaridan ilmiy va badiiy adabiyotlarni topib, O‘zbekistondagi talabgorlar uchun yetkazib berishni yo‘lga qo‘ydi. Ijtimoiy tarmoqlardagi faolligi bu ishni ham rivojlantirdi.

Biroq bu yo‘l oson kechmadi. Moliyaviy qiyinchiliklar, turmush o‘rtog‘ining kam stipendiyasi, hatto homiladorlik davridagi muammolar – bularning barchasi ularning sabrini sinadi. Ba’zan ortga qaytish fikri ham paydo bo‘lgan. Ammo aynan shunday vaziyatlarda uning turmush o‘rtog‘i taslim bo‘lmaslikka undagan.

Bugun Abdulaziz ortga nazar tashlar ekan, eng muhim saboq sifatida tayyorgarlik va real qarashni ta’kidlaydi. Uning aytishicha, xorijga kelishdan oldin tilni o‘rganish eng zarur omillardan biri. “Til yaqin” degan tasavvur amalda ishlamasligini u o‘z tajribasida ko‘rgan.

Ushbu intervyuni to‘liq shaklda yuqoridagi videopleyerda yoki QALAMPIR.UZ’ning YouTube kanalida tomosha qilishingiz mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

Turkiya restoran stipendiya homiladorlik interv'yu turmush muammolar Tobut Abdulaziz Ahmad muhojirlik hayoti Depozit Moliyaviy qiyinchiliklar

Baholaganlar

0

Reyting

5

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing