“Tolibon” xorijliklar uchun Afg‘onistonda yashash ruxsatnomasi berishi mumkin
Olam
−
10:42 1010 1 daqiqa
“Tolibon” muvaqqat hukumati chet ellik investorlarga mamlakatda yashash uchun ruxsatnoma berish masalasini muhokama qilmoqda. Bu haqda “Tolibon”ning Iqtisodiy komissiyasi yig‘ilishida ma’lum qilingan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, komissiya chet el sarmoyadorlarini jalb qilish maqsadida ular uchun maxsus yashash ruxsatnomasi (rezidentlik) mexanizmini ishlab chiqishni rejalashtirmoqda. Ruxsatnoma berish tartibi investitsiya hajmi va turiga qarab belgilanishi mumkin.
Shu bilan birga, mazkur tashabbus hozircha muhokama bosqichida ekani, uni tartibga soluvchi aniq qonun yoki rasmiy qaror qabul qilinmagani ta’kidlanmoqda. Mas’ul tuzilmalarga bu borada takliflar tayyorlash va keyingi yig‘ilishda taqdim etish vazifasi yuklatilgan.
Ekspertlarga ko‘ra, ushbu qadam “Tolibon”ning iqtisodiy vaziyatni yaxshilash va xorijiy investitsiyalarni jalb qilishga qaratilgan siyosatining bir qismi hisoblanadi.
Hozircha gap barcha chet elliklar uchun emas, balki faqat investorlar uchun mo‘ljallangan ehtimoliy ruxsatnoma tizimi haqida bormoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Afg‘onistondan mehnat migrantlarini jalb qilish bo‘yicha muzokaralar olib borayotgani haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi