Toshkent viloyatida qadimiy ibodatxona topildi
Jamiyat
−
30 Oktabr 6007 2 daqiqa
Toshkent viloyatidagi Qanqa yodgorligida V-VIII asrlarga oid ibodatxona va harbiy anjomlar topildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Qanqa yodgorligida olib borilayotgan ekspeditsiya davomida 5-8 yuz yilliklarga oid ibodatxona va harbiy anjomlar topilgan. Fanlar akademiyasi Tarix instituti Toshkent viloyati hokimligi bilan hamkorlikda Qanqa yodgorligini “Ochiq osmon ostidagi muzey”ga tayyorlash bo‘yicha izlanishlarni olib bormoqda. Arxeologik yodgorlik Turon tarixida muhim o‘rin tutuvchi yirik shahar yodgorligi bo‘lib, ayrim izlanuvchilar tomonidan “Avesto”da tilga olingan Qang‘desh, “Shohnoma”da tilga olingan Turon shohi Alp Er To‘nga shahri Qang‘dez nomlari bilan ham tenglashtirilgan. Shuningdek, institutning “Harbiy tarix markazi” va “Qadimgi dunyo tarixi” bo‘limlari xodimlaridan iborat guruh tomonidan olib borilayotgan bu yilgi izlanishlar davomida ham yodgorlik arki quyi maydonchasida joylashgan 5-8 yuz yilliklarga tegishli ibodatxonani o‘rganish jarayonida metalldan ishlangan sovut bo‘laklari topilgan.
“Qadimda jamiyat madaniy hayotida muhim o‘rin tutuvchi ibodatxonaga har bir kishining o‘zi tayyorlagan eng yaxshi mahsuloti, buyumini sovg‘a qilish an’anasi bo‘lgan. Jangchi sovuti ham qurolchi usta tomonidan xuddi shu maqsadda ibodatxonaga topshirilgan bo‘lishi mumkin. Keksa Turonda bu kabi an’analar ko‘p uchraydi. Misol uchun, Boykend ibodatxonasi qazuv ishlari davomida topilgan harbiy anjomlarni ko‘rsatib o‘tishimiz mumkin”, deyiladi xabarda.
Bildirilishicha, Qanqa ibodatxonasida bu kabi harbiy anjomlarning saqlanishi ayniqsa muhim o‘rin tutadi. Ibodatxona tarixi turkiy xalqlarning harbiylikka yo‘g‘rilgan turmushi bilan chambarchas bog‘langan. 2021 yili boshlangan qazuv ishlari davomida ibodatxonaga kirish qismida ot anjomlari topilgan bo‘lsa, bu yil topilgan sovut turkiy xalqlarning harbiy sohaga kuchli e’tibor berganlarini yana bir bor tasdiqlaydi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Misrda arxeologlar Kleopatra davriga oid cho‘kkan portni topgani haqida xabar berilgan edi. Bu topilma mashhur malikaga oid qabrtoshni qidirishda yordam berishi mumkin. Dominikan arxeologik ekspeditsiyasi tosh va metall langarlar, ko‘plab qadimiy amforalar hamda ichki port qoldiqlarini aniqlagan.
Mohichehra Qadamova
Live
Barchasi