Yo‘llarda xavf tug‘dirishi aytilgan temir panjaralar nega yana o‘rnatilmoqda?
Olam
−
12 mart 6447 2 daqiqa
Bugun, 12 mart kuni Toshkent shahar hokimligida “Toshkent yo‘llari uchun “Raqamli miya”: poytaxtda transport boshqaruvining yangi bosqichi” mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi. Tadbir Toshkent shahrida Yo‘l harakatini tashkil etish markazi tomonidan tashkil etildi.
Anjumanda poytaxt chorrahalarida “aqlli svetoforlar” o‘rnatish, transport oqimini real vaqt rejimida tahlil qilish hamda tirbandliklarni kamaytirishga qaratilgan raqamli tizim taqdim etildi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, yangi tizim svetoforlarni avtomatik boshqarib, yo‘l harakati xavfsizligini yaxshilashga xizmat qiladi.
Tadbirning savol-javob qismida jurnalistlar poytaxt ko‘chalarida ommaviy tarzda o‘rnatilayotgan temir panjaralar yuzasidan savol bilan murojaat qildi. Toshkent shahar hokimining transport va yo‘l infratuzilmasi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Abdurahmon Baxtiyevning bildirishicha, mazkur loyiha hali to‘liq o‘rganib chiqilmagan, jarayon bo‘yicha tahlillar davom etmoqda. Shuningdek, u ayrim panjaralar noto‘g‘ri o‘rnatilgan bo‘lishi mumkinligini ham istisno etmadi.
Biroq temir panjaralarni o‘rnatish uchun byudjetdan ajratilgan milliardlab mablag‘lar qaysi asosga ko‘ra yo‘naltirilgani masalasi ochiq qolmoqda. Hokimlik vakillari bu savolga keyinroq alohida javob berilishini bildirdi. Shu tariqa, ayrim ko‘chalarga panjaralar o‘rnatilib, mablag‘lar allaqachon sarflangani ma’lum bo‘lsa-da, loyiha bo‘yicha yakuniy xulosa va uning samaradorligiga oid baho hozircha e’lon qilinmagan.
Qayd etilishicha, 2025 yilda Toshkent shahar hokimi qarori asosida yo‘llar o‘rtasiga temir panjaralar o‘rnatish uchun dastlab 1,45 mlrd so‘m, keyinchalik esa 6,9 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ ajratilgan. Ushbu choralar piyodalar bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisalarini kamaytirish maqsadida amalga oshirilayotgani aytilgan.
Ma’lumot uchun, shunga o‘xshash temir panjaralar 2018 yilda yo‘llarda xavf tug‘dirishi sabab demontaj qilingan edi. Oradan yetti yil o‘tib, ular yana poytaxt ko‘chalariga o‘rnatilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq endilikda O‘zbekistonda hujjatlarsiz mashina boshqarganlar kamera orqali aniqlanishi haqida xabar berilgandi. Unga ko‘ra, joriy yilning 23 fevralidan 3 mart kunigacha avtomobil yo‘llarida shaxsning yuzini aniqlash funksiyasiga ega kameralar hamda foto va video qayd etish qurilmalari o‘rnatilib, test rejimida ishlagan.
Live
Barchasi