Toshkentda 100 kilometrlik pulli halqa yo‘li quriladi
Jamiyat
−
26 may 3733 2 daqiqa
Toshkentda transport oqimini tartibga solish va tirbandliklar muammosini hal etish maqsadida qariyb 100 kilometrlik pulli halqa yo‘li hamda yangi xalqaro aeroportga olib boruvchi pulli tezyurar magistral barpo etiladi. Bu haqda poytaxt hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Shavkat Umurzoqovning Xitoyga tashrifi davomida poytaxtda ekologiya, transport va ijtimoiy sohalarni qamrab oluvchi ulkan loyihalar muhokama markazida bo‘lgan.
Muzokaralarda eng ko‘p e’tibor qaratilgan yo‘nalish poytaxtning transport tizimini rivojlantirish bo‘lgan. Tomonlar Toshkent shahrida transport oqimini tartibga solish va tirbandliklarni kamaytirish uchun yangi pulli avtomobil yo‘llarini qurish konsepsiyasini ko‘rib chiqqan.
Unga ko‘ra, shahar atrofida umumiy uzunligi qariyb 100 kilometr bo‘lgan yuqori tezlikdagi pulli halqa yo‘lini barpo etish rejalashtirilmoqda. Bu yo‘l yuk transporti va tranzit vositalarning shahar ichiga kirmasdan harakatlanishini ta’minlaydi.
Bundan tashqari, kelgusi yillarda Toshkent viloyatining janubida – O‘rta Chirchiq va Quyi Chirchiq tumanlari hududidagi 1300 gektar maydonda barpo etilishi boshlangan yangi xalqaro aeroport yo‘nalishida shaharning markaziy qismidan o‘tuvchi alohida pulli magistral yo‘l qurilishi ko‘zda tutilgan. Mazkur tezyurar trassa yo‘lovchilarning aeroportga tirbandliklarsiz yetib borishiga xizmat qilishi aytilgan.
Shu bilan birga, uchrashuvda ekologik barqarorlikni ta’minlash maqsadida poytaxtda qurilish va maishiy chiqindilarni qayta ishlaydigan, ixtisoslashtirilgan yangi poligon qurish tashabbusi ilgari surilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahridagi Mustaqillik shoh ko‘chasi, Mirzo Ulug‘bek va Buyuk Ipak yo‘li ko‘chalari kesishmasida ikki qavatli yo‘l o‘tkazgich qurilishi e’lon qilingan edi.
Live
Barchasi