Toshkentda iPhone 17 telefonlarini noqonuniy olib kirayotgan shaxs ushlandi
3-sahifa
−
22 Sentabr 4467 1 daqiqa
Toshkent xalqaro aeroportida 9 dona iPhone 17 rusumli telefonini noqonuniy yo‘l bilan olib kirishga uringan shaxs ushlandi. Bu haqda “Toshkent-AERO” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, “Doha-Toshkent” yo‘nalishi bo‘ylab uchib kelgan O‘zbekiston fuqarosi bojxona nazorati zonasining “yashil” yo‘lagi orqali harakatlanganidan so‘ng to‘xtatilib, uning o‘zi va yuklari ko‘zdan kechirilganida, mazkur fuqaroga tegishli bo‘lgan yuklar bojxona nazoratiga tegishli tartibda taqdim etilmagan. Yo‘lovchida bojxona deklaratsiyasida yozib ko‘rsatilmagan dastlabki taxminiy qiymati 230 mln so‘mlik jami 9 dona iPhone 17 rusumli uyali aloqa vositasi borligi aniqlanib, huquqbuzarlik ashyosi sifatida vaqtincha olib qo‘yilgan.
Xabarda yozilishicha, mazkur holat yuzasidan fuqaroga nisbatan tegishli protsessual hujjatlar rasmiylashtirilib, bojxona surishtiruv jarayonlari olib borilmoqda.
Ma’lumot uchun, havo yo‘llari orqali kirib kelayotgan jismoniy shaxslar shaxsiy ehtiyoj uchun 2 dona mobil qurilmalarni olib kirishi mumkin. Ushbu qurilmalar yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatilishi shart. Mazkur deklaratsiya mobil qurilmalarni UzIMEI tizimidan ro‘yxatdan o‘tkazishda asos bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent viloyatining “Navoiy” chegara bojxona postida tana qismi va yuklar orasiga 180 dona iPhone rusumli telefonni yashirib, olib o‘tmoqchi bo‘lgan shaxslar qo‘lga olingan edi.
Bunyod Keldiboyev
Live
Barchasi