Toshkentda Isroil elchixonasiga o‘t qo‘yishga uringan talaba qamaldi

3-sahifa

image

Toshkent shahrida talaba yigit Isroilning O‘zbekistondagi elchixonasini yoqib yuborishga urindi. Mazkur holat joriy yilning 19 aprel kuni Toshkent shahar jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tumani sudida ko‘rib chiqildi. Bu haqda QALAMPIR.UZ manbasi xabar berdi.

Sud hujjatida keltirilishicha, 2004 yilda Farg‘ona viloyatida tug‘ilgan, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti 2-bosqich talabasi bo‘lgan A.A. 2023 yilning 19 oktyabr kuni erta tongda Isroil elchixonasini yoqib yubormoqchi bo‘lgan.

Yigit o‘sha kuni soat 4:30 lar atrofida o‘z maqsadini amalga oshirish uchun sport sumkasiga bir dona 0,45 gramm hajmli yonuvchi "kerosin" suyuqligi solingan shisha idish, gontel, ikki quti gugurt va mato bo‘laklarini solib, velosipedda elchixona yoniga kelib to‘xtagan. Shunda uning harakatlari elchixona yonida joylashgan Yakkasaroy tumani IIO FMB 4-sonli IIB xodimlarining e’tiborini tortgan.

IIB xodimlari yigitdan to‘xtashni so‘ragan, u esa velosipedini boshqargan holda qochishni boshlagan. Xodimlar xizmat mashinasida uni kuzatib borib, to‘xtatgan va IIB binosi yoniga olib borgan hamda yelkasidagi sumkani ochib ko‘rsatishni so‘ragan. Talaba yigit shunda ham o‘z maqsadiga yetishish uchun IIB xodimlarini chalg‘itib, sumkasidagi kerosin solingan shisha idishni va bir dona gontel toshini qo‘liga olib, elchixona binosi tomonga yugurgan. IIB va elchixona binosini qo‘riqlayotgan Milliy gvardiya xodimlari yigitni elchixona eshigi yonida ushlashgan. Bu orada u qo‘lidagi shishani va gontel toshini devor ustidan elchixona hovlisi ichiga uloqtirgan.

A.A. sudda bergan ko‘rsatmasida 2023 yil oktyabr oyining o‘rtalarida G‘azo sektorida Isroil va Falastin o‘rtasida bo‘layotgan qurolli to‘qnashuvlar aks etgan videolarni ko‘ra boshlaganini, oqibatda Isroil davlatini yomon ko‘rib qolganligini, o‘ch olish maqsadida ushbu davlatning Toshkentdagi elchixonasini yoqib yuborishni maqsad qilganini bildirgan.

“Avval kerosin solingan butilkalarni devor orqali elchixona ichki hovlisiga uloqtirmoqchi edim. Keyin uning ortidan mato bo‘laklarini gantel toshlariga o‘ragan holda kerosin bilan to‘yintirib, ularni ham yoqqan holda kerosinli shisha singan hududga otib, bu orqali elchixonaga o‘t qo‘yishni reja qildim.Odamlarga yoki elchixonaga zarar yetkazish niyatim bo‘lmagan, faqatgina Isroil davlati Falastindagi shifoxonaga bomba tashlagani uchun norozilik bildirmoqchi bo‘ldim. Sodir etgan harakatlarim noto‘g‘ri ekanini tushunib yetdim”, degan talaba.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tuman sudi A.A. ni Jinoyat kodeksining 155-moddasi (terrorizm) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topib, unga nisbatan 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlagan.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent elchixona Isroil

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made