Toshkentda xalqaro moliya markazi tashkil etiladi

Jamiyat

image

Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent xalqaro investitsiya forumida investorlar huquqlarini ishonchli himoya qilish va sarmoyaviy jozibadorlikni oshirish maqsadida Toshkent xalqaro moliya markazi tashkil etilishini ma’lum qildi.

Markaz ishtirokchilari uchun soliq va bojxona imtiyozlari 50 yil muddatga amal qiladi.

Davlat rahbarining ta’kidlashicha, investorlar huquqlarini kuchli institutlar va xalqaro mexanizmlar orqali ta’minlash ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi. Shu maqsadda joriy yilning mart oyidan Toshkent xalqaro moliya markazini tashkil etish bo‘yicha ishlar boshlangan.

Qayd etilishicha, markazning huquqiy asoslari Konstitutsiyaviy qonun bilan mustahkamlanadi. Uning ishtirokchilari uchun jozibador soliq rejimi joriy qilinib, foyda solig‘i, qo‘shilgan qiymat solig‘i, mol-mulk solig‘i hamda bojxona bojlari nol foiz etib belgilanadi.

Shuningdek, kapitalning erkin harakati, istalgan valyutada hisob-kitob qilish imkoniyati to‘liq kafolatlanadi. Markaz doirasida moliyaviy texnologiyalar, raqamli aktivlar va “yashil” moliya sohalari uchun zamonaviy infratuzilma yaratiladi.

Prezidentning ma’lum qilishicha, markaz hududida normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish vakolatiga ega mustaqil moliyaviy regulyator ham tashkil etiladi.

Dastlabki bosqichda mazkur imtiyozlar va maxsus huquqiy rejimning amal qilish muddati 50 yil etib belgilanadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston iqtisodiyoti jadal sur’atlarda o‘sishda davom etayotganini ta’kidlab, 2026 yil yakunlariga ko‘ra mamlakat yalpi ichki mahsuloti 180 milliard dollardan oshishi kutilayotganini ma’lum qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Toshkent xalqaro investitsiya forumi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing