Toza havoni qanday sotib olsa bo‘ladi?

Tahlil

image

“Qiyomat yaqinlashsa, joynamozni narxi oshadi”, deganlaridek, bugun Toshkentning osmoni kulranglashib, odamlarni dimog‘iga chang tiqilayotgan bir paytda, ba’zilarning ishi yurushib cho‘ntaklari to‘lmoqda. Jon achchig‘ida molini ayamay bozordan falon pulga havo tozalovchi uskuna olaman deb borgan xaridor qo‘liga o‘zining “importniy” tovarini tutqazib, narxni asossiz oshirayotganlar ham yo‘q emas.

Sotayotgan mahsuloti narxiga arzisa ham mayli edi, lekin tushunib-tushunmay foydasidan zarari ko‘proq bir matohni olib puliga kuyib yurganlar qancha? “Qimmat bo‘lsa, sifatli bo‘ladi”, degan tushuncha ba’zilarning “hojadbarorligi” dastidan ishlamagan vaziyatlar ham ko‘p bo‘lmoqda. 

Bunday havo filtrlarining qanday foydasi boru, qanday zarari borligi haqida alohida to‘xtalish kerak. Har xolda, shu paytgacha bunday tozaligichlarga ehtiyoj sezmay yashab kelayotgandik, kutilmagan kulfat ortidan ommaviy havo filtrlariga tug‘ilgan ehtyoj ko‘pchilinkni dovdiratib qo‘ygan bo‘lsa ajab emas. Shu sabab, bugun biz havoyimizni changlardan xalos qilib beruvchi bu uskunalarga alohida to‘xtalib, ularning qanday ishlashi, nima foyda-zarari bor va sotib olayotganda nimalarga e’tibor berish lozimligi haqida gaplashamiz.

Filtrlar qanday tuzilgan

Keling, dastlab bunday havo tozalovchi uskunalar qanday tuzilgani va qanday ishlashini tushunib olaylik. Yeydigan taomni tarkibini bilmay yemaganimizdek, pul xarj qiladigan mahsulotimizning qanday tuzulganini bilib qo‘ygan yaxshi, albatta.

Odatiy havo filtrlarini ishlash mexanizmi umumiy olib qaraganda sodda, ventelyatsiya qismi havoni so‘rib oladi, filtrlar bu havoni tozalaydi va yana ventelyatsiya orqali tashqariga toza havo chiqariladi. Ammo chuqurroq yondashsak, uning murakkab texnik xususiyatlariga duch kelamiz.

Kundalik turmush-tarzimizda ishlatiladigan havo tozalagichlarda odatda uch turdagi filtrlar bo‘ladi. Bular: old filtr (pre-filtr) – katta soch, yung yoki chang bo‘laklarini tutib qoluvchi filtr, asosiy HEPA (High Efficeincy Particulate Air) filtrlari – 0.3 mikrometrgacha zararli zarrachalarni 99.97% samaradorlik bilan ushlab qoladigan filtr va uchinchi faollashtirilgan uglerod filtrlari – hid, tutun va yoqimsiz gazlarni yo‘q qiluvchi qism.

Ayni damda, Toshkentda o‘pkamizni to‘ldirayotgan chang – PM2.5 zaharli zarrachalarni yo‘q qilishda asosiy vazifani HEPA filtrlari bajaradi. PM2.5 bu – diametri 2.5 mikrometr yoki undan kichik bo‘lgan zarracha hisoblanadi va agar siz sifatli HEPA filtriga ega uskuna xarid qilsanggiz, ular hech qanday qiyinchiliksiz xonadon havosini tozalab bera oladi. Yana ba’zi havo tozalovchi moslamalar UV-C nur orqali havoni virus va bakteriyalardan tozalovchi texnologiyalarga ega. Ba’zi uskunalarda esa ionizatorlar ham mavjud bo‘lib, ular yordamida havoga manfiy ionlar chiqariladi. Ular chang zarralariga yopishib, ularni og‘irlashtiradi va shu bilan ular polga yoki boshqa yuzalarga tushishi ta’minlanadi. Xullas, zamon rivojlanib texnologiyalar inson tasavvur doirasida ancha ildamlab ketgan. Ammo ularning hammasi ham bezarar deb bo‘lmaydi.

Zararli tomonlar

Toza havo ilinjida bozordan to‘g‘ri kelgan havo tozalagichlarni tahmin-tavakkal bilan sotib olayotgan insonlarni ko‘rib hayron qolasiz ba’zida. Sotayotgan narsasini o‘zi ham yaxshi tushunmaydigan ba’zi savdogarlar “o‘pkanggiz toza nafas oladi”, deb xaridor qo‘liga oddiy havo namlantirgichni tutqazib yuborayotganlarning dastidan havo filtrlariga ishonch ham yo‘qolib bormoqda. Ammo bir tomondan, odamlarni ham tushunish mumkin. Bir vaqtlar daraxtlarga boy, toza havoli shaharda yashab yurgan oddiy insonlarga kun kelib hali nafasingni ham pul to‘lab olasan deyishsa, kim ham ishonardi. Bir hovuch daraxtkush “tadbirkor”ni deb bir pastda shahar “Intersteller” filmidagi kabi chang-to‘zonlar bilan qoplandi. Nima bo‘lganini hali to‘la anglashga ham ulgurmaganlarni mahsulotni ishonchliligini tekshirib olmagan deb koyish noo‘rindir balki. Zero, bunga moslashib yashash lozim ekan, demak xarid oldi nimalarga e’tibor berish kerak, yo‘qsa nimalarga tayyor turish lozimligini bilib qo‘ygan yaxshi.

Kundalik turmush tarzida, ishxona yoki uy uchun havo tozalovchi filtr xarid qilmoqchi ekansiz, ba’zi jihatlarga e’tibor berishni unutmang. Avvalo, nomdor korxonalar va brendlardan xarid qilishga harakat qilish lozim. Negaki, bunday kompaniyalar o‘z obro‘sini saqlab qolish maqsadida mahsulotlarini turli bosqichlarda sinovdan o‘tkazadi. Bundan tashqari, ularda sifatli mahsulot yaratish uchun yetarli pul, resurs va malaka bo‘ladi. Arzon narxiga uchib, o‘z vazifasini ham to‘la bajara olmaydigan va hatto ba’zan salomatlik yoki ekologiyaga zarar keltirishi mumkin moslamalarni xarid qilib qo‘ymaslik uchun e’tiborli bo‘lish lozim. Bundan tashqari, bunday havo filtrlari uchun turli xalqaro tashkilotlar ishonch yorlig‘i taqdim etadi. AHAM Verifide, CARB Certified, UL Listed, ETL Listed Mark yoki Asthma & Allergy Friendly kabi sertifikatlarga ega moslamalar jahon standartlari asosida ishlab chiqilgan, ekologiyaga, sog‘liqqa zarar keltirmasligi kafolatlangan bo‘ladi. Masalan, Allergy Standards Limited – bu kompaniya mustaqil sinovdan o‘tkazilgan va allergiya va astma bilan og‘rigan odamlar uchun havo sifatini yaxshilashga yordam beradigan mahsulotlarni sertifikatlasa, CARB (California Air Resources Board) tashkiloti Ozon gazlarini chiqarish xavfini nazorat qiladi.

Sotib olayotgan mahsulotinggiz qutisiga ham e’tibor berib o‘qish, yo‘riqnoma daftarchalari bilan erinmasdan tanishib chiqish ham talablaringizga mos texnika xarid qilishinggizga ko‘maklashadi. HEPA filtrlari uchun Yevropa va Xalqaro darajada belgilangan standartlar EN 1822 / ISO 29463 hisoblanib, bunday ko‘rsatkichlarga ega filtrlar “True HEPA”, deb ataladi va samarali xizmat qila oladi.

Bozorlarda havo tozalovchi deb, o‘rniga havoni namlovchi yoki xushbo‘y hid taratuvchi uskunalarni xarid qilish holatlari ham ko‘p uchramoqda. Odatda havoni changlardan tozalovchi va uni namlantiruvchi uskunalar alohida ikki qurulma sifatida sotiladi. Havoda namlikni oshirishga xizmat qiladigan qurulmalar PM2.5 zarrachalariga qarshi kurasha olmaydi, balki, ularga suv tomchilarini sepib qisqa vaqtga ularni yuzalarga qo‘ndirishi mumkin xolos. Xushbo‘y amortizatorlarni sepuvchi qurulmalarga esa alohida e’tibor qaratish lozim. Ularda foydalanilgan kimyoviy moddalarning inson sog‘lig‘iga zarari, alergik holatlarni keltirib chiqarishi va boshqa nojo‘ya ta’sirlari bor yoki yo‘qligiga qattiq e’tibor qaratish lozim.

Eng ilg‘or texnologiyalar bilan jihozlangan havo tozalovchi uskunalardagi UV-C va ionizatsiyalash usullari bir paytning o‘zida samarali, ammo, ishonchli bo‘lmasa, xavfli ham bo‘lishi mumkin. UV-C lampasi noto‘g‘ri turdagisi bo‘lsa, u havoga zaharli gaz bo‘lgan Ozon (O₃) gazini chiqarishi mumkin. Bunday nurlar tirik hujayralar DNK/RNKsiga tezda zarar yetkazadi. Noto‘g‘ri o‘rnatilgan yoki shikastlangan qurilma nurni tashqariga chiqarsa, u ko‘zning shox pardasini kuydirishi (fotokeratit) yoki terini kuydirishi mumkin. Ionizatorlar esa elektr zaryadini ishlatib ionlar hosil qiladi. Bu jarayonda yon mahsulot sifatida Ozon ishlab chiqarilishi deyarli muqarrar.

Shunda ekan oʻgʻir kunda shoshqaloqlik bilan emas, xavfsizlik va sovuq miya bilan fikr yuritish kerak. Negaki, sifatga xavfsizlik bermay olgan havo filtrlari ham sog'likka, ham tabiatga, ham chontakka zarar.


Maqola muallifi

Teglar

havo tozalagich toza havo Toshkent havosi havo tozalovchi uskuna havoni tozalash texnologiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar