Tojikiston Erondagi vaziyatga munosabat bildirdi
Olam
−
29 yanvar 5792 2 daqiqa
Tojikiston Yaqin Sharqdagi vaziyatning keskinlashuvidan, ayniqsa Eron bilan bog‘liq holatlardan tashvishda va har qanday harbiy harakatlarga qarshi. Bu haqda Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi bayonotida aytiladi.
TIVning qayd etishicha, Tojikiston barcha mojarolarni faqat tinch yo‘l bilan diplomatik usullar orqali hal etishni qo‘llab-quvvatlaydi hamda tomonlarni BMT Nizomi prinsiplari va xalqaro huquq normalariga qat’iy rioya qilishga chaqiradi.
“Tojikiston Respublikasi tomonlarni BMT Nizomi prinsiplari va xalqaro huquq normalariga amal qilishga, mintaqada tinchlik va barqarorlikni saqlab qolish yo‘lida sa’y-harakatlarni yo‘naltirishga chaqiradi”, deyiladi bayonotda.
Qayd etish joiz, AQSH hukumati Eronga qarshi ehtimoliy harbiy choralarni 2025 yilning dekabr oyi oxirida olovlangan norozilik namoyishlari fonida muhokama qila boshlagan edi. Namoyishlarga narxlarning keskin oshishi va rial kursining dollarga nisbatan keskin qadrsizlanishi sabab bo‘lgan.
13 yanvar kuni Tramp eronlik namoyishchilarga murojaat qilib, ularni davlat muassasalarini egallashga chaqirgan hamda “yordam allaqachon yo‘lda” ekanini aytgan. Jurnalistlar bilan suhbatda AQSH Prezidenti bu so‘zlari bilan nimani nazarda tutganiga aniqlik kiritmagan, biroq amerikalik fuqarolarning Erondan evakuatsiya qilish masalasi ko‘rib chiqilishi kerakligini bildirgan.
Keyinchalik AQSH Harbiy-dengiz kuchlarining Abraham Lincoln aviatsiya tashuvchi kemasi Erondagi mojarolar sabab Yaqin Sharqqa yetib bordi. Qolaversa, harbiy-havo kuchlari Yaqin Sharq mintaqasida Agile Spartan nomli ko‘p kunlik harbiy mashg‘ulotlar boshladi.