Tojikiston Rossiyadan maktabdagi qotillikni jiddiy tekshirishni talab qildi
Olam
−
20:03 3132 2 daqiqa
Avvalroq, Moskva viloyatining Odinsovo shahrida 15 yoshli maktab o‘quvchisi tojik millatiga mansub ekani aytilgan 4-sinf o‘quvchisini pichoqlab o‘ldirgani haqida xabar berilgan edi. Tojikiston Ichki ishlar vaziri Ramazon Rahimzoda Rossiya Ichki ishlar vaziri Vladimir Kolokolsev bilan telefon orqali gaplashib, mazkur masalani muhokama qildi. Bu haqda Tojikiston Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.
Aniqlanishicha, hujum oqibatida vafot etgan Qobiljon ismli bola Tojikiston fuqarosi bo‘lgan.
“To‘g‘ridan to‘g‘ri telefon muloqotida shunday dahshatli jinoyatlar jamiyatdagi vaziyatni keskinlashtirishi va boshqa radikal millatchi guruhlarni shunga o‘xshash harakatlarga undashiga sabab bo‘lishi mumkinligi ta’kidlandi”, deyiladi Tojikiston Ichki ishlar vazirligi bayonotida.
Kolokolsev esa allaqachon fojiani ob’ektiv va har tomonlama tergov qilish bo‘yicha barcha chora-tadbirlar ko‘rilganini ma’lum qilgan.
Shuningdek, bugun, 17 dekabr kuni Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi ushbu voqeani qoralagan va vafot etgan bolaning yaqinlariga ta’ziya bildirgan.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi ham sodir bo‘lgan voqea munosabati bilan Tojikistonga hamdardlik bildirgan va voqeaning ob’ektiv tergovi uchun zarur barcha choralarni ko‘rishga va’da bergan.
Eslatib o‘tamiz, hujumni uyushtirgan 15 yoshli Timofey K. ismli bola qo‘lga olingan. Uning telefonidagi galereyada selfilar va halok bo‘lgan maktab o‘quvchisining surati aniqlangan. Shuningdek, o‘smir ekstremistik iqtiboslar va o‘ng radikal tashkilotlar nomlari bilan bezatilgan o‘z kaskasini ham suratga olgan. Xususan, kaskada “Sygaown” so‘zi yozilgan bo‘lib, bu 2022 yilda AQSHda sodir etilgan ommaviy otishmaga ishora hisoblanadi.
Live
Barchasi