Tojikiston TIV Rossiyada o‘ldirilgan Qobiljon ishi bo‘yicha ma’lumot berdi
Olam
−
12:09 9610 3 daqiqa
Rossiya tomoni Tojikiston hukumatiga 2025 yilning dekabrida Rossiyada o‘ldirilgan 10 yoshli tojik bolasi Qobiljon Aliyev ishi bo‘yicha tergov jarayoni haqida rasmiy ma’lumot taqdim etdi va bu masala “alohida nazoratda” ekanini bildirdi. Bu haqda 6 fevral kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida Tojikiston Tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muhriddin ma’lum qildi.
Rossiya Ichki ishlar vazirligi bergan ma’lumotlarga ko‘ra, Moskva shahrida Rossiya Federatsiyasi Tergov qo‘mitasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, jinoyatchi qo‘lga olingan va unga og‘irlashtiruvchi holatlarda qotillik hamda qotillikka suiqasd qilish ayblovlari qo‘yilgan. Keyinchalik sud unga nisbatan ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olishni tanlagan.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya tomoni tergovning keyingi natijalari haqida qo‘shimcha ravishda ma’lumot berilishini ham bildirgan.
Sirojiddin Muhriddin o‘n yoshli tojik bolasiga nisbatan sodir etilgan bu fojiani “butun xalqning dardi” deb atagan. U masala birinchi kundan boshlab mamlakat Prezidenti nazoratida ekanini, shuningdek, Tashqi ishlar vazirligi ham bu ishni o‘z nazoratiga olganini ta’kidlagan.
Shu bilan birga, vazir Qobiljonning ota-onasi advokat bilan ta’minlanganmi yoki yo‘qmi, shuningdek, sud jarayoni qachon boshlanishi haqida ma’lumot bermagan.
Rossiyadagi mehnat muhojirlari farzandlari va Tojikistonning boshqa fuqarolarini himoya qilish masalasiga to‘xtalar ekan, Sirojiddin Muhriddin vazirlik Rossiya tomoni bilan doimiy aloqada ekani, Tojikiston va Rossiya tuzilmalari o‘rtasida keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyada Tojikiston fuqarolari bilan bog‘liq har bir hodisa nazoratga olinadi va mamlakatning diplomatik vakolatxonalari hamda boshqa idoralari har bir fuqaroning huquqlarini himoya qilish uchun zarur choralarni ko‘radi.
Shu bilan birga, vazir Rossiya juda katta mamlakat ekanini, har bir hudud va qishloqda Tojikiston fuqarolari yashashini, ularning barchasiga bir vaqtning o‘zida yordam ko‘rsatish har doim ham oson emasligini tan olgan. Shunga qaramay, Rossiya tomoni bilan o‘zaro tushunish mavjudligini qayd etgan.
Uning ta’kidlashicha, vaqti-vaqti bilan yoqimsiz hodisalar yuz berib tursa-da, hukumatlar darajasida o‘zaro anglashuv saqlanib qolmoqda va hamkorlik davom ettiriladi.
Ma’lumot uchun, Qobiljon Aliyev 2025 yilning 16 dekabr kuni Moskva viloyatidagi maktabda 15 yoshli Rossiya fuqarosi bo‘lgan o‘smir tomonidan pichoq bilan vahshiylarcha o‘ldirilgandi. Tojikiston TIV bu hujum milliy adovat asosida sodir etilganini bildirgan. Marhum bolaning jasadi 18 dekabr kuni Tojikistonga olib kelingan va Shahri-nav tumanida dafn etilgan.
Eslatib o‘tamiz, 22 dekabr kuni Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi rahbarlarining norasmiy uchrashuvi chog‘ida Rossiya yetakchisi Vladimir Putin Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmonga tojikistonlik maktab o‘quvchisining o‘ldirilishi ortidan hamdardlik bildirgandi va aybdorlar albatta jazolanishini va’da qilgandi.
Live
Barchasi