Tramp Erdo‘g‘an bilan dunyo muammolarini muhokama qildi
Olam
−
05 may 5593 1 daqiqa
Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an amerikalik mavqedoshi Donald Tramp bilan muloqot qildi. Bu haqda Oq uy rahbari o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida yozib qoldirdi.
Ma’lum qilinishicha, suhbat chog‘ida Tramp va Erdo‘g‘an bilan Ukraina masalasini muhokama qilgan va Turkiya yetakchisi AQSHning mojaroni tugatish yondashuvini qo‘llab-quvvatlagan.
Shuningdek, Erdo‘g‘an Tramp bilan suhbat chog‘ida AQSH va Eronning muzokaralar jarayonini yuqori baholagan. Ikki o‘rtadagi muloqotda Suriya va G‘azo masalalari ham ayro bo‘lib qolgani yo‘q. Trampning yozishicha, uning o‘tgan davrdagi prezidentlik yillarida ham Erdo‘g‘an bilan munosabatlari a’lo darajada bo‘lgan.
Qolaversa, Erdo‘g‘an Trampni Turkiyaga, Tramp esa uni Vashingtonga taklif qilgan.
Bundan tashqari, Erdo‘g‘an va Tramp Turkiya va AQSH o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarni muhokama qilgan. Turkiya rahbarining ta’kidlashicha, Anqara Vashington bilan ko‘plab sohalarda, shu jumladan mudofaa sanoatida yanada hamkorlikni rivojlantirishga umid qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an va AQSH Prezidenti Donald Tramp o‘rtasida kutilayotgan uchrashuv Amerika rahbarining qarorgohi bo‘lmish Oq uyda yoki Turkiyada bo‘lishi mumkinligi haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi