Tramp G7 sammitida Isroilni keskin tanqid qildi

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp Isroilning Livandagi harbiy amaliyotlarini tanqid qilib, “Hizbulloh” jangchilarini yo‘q qilish uchun turarjoy binolarini bombardimon qilish ortiqcha ekanini bildirdi. Tramp bu haqda Fransiyada o‘tayotgan G7 sammiti doirasida so‘zlagan nutqida ma’lum qildi.

“Juda ko‘p odamlar halok bo‘ldi. Bir odamni qidirayotganingiz uchun har safar ko‘p qavatli uyni vayron qilish shart emas. Chunki u yerda ko‘plab odamlar yashaydi va ularning hammasi ham “Hizbulloh” a’zosi emas”, deydi Tramp.

So‘nggi kunlarda Tramp Bayrutga qilingan Isroil zarbalaridan norozi ekanini bir necha bor bildirgan. Uning fikricha, mazkur hujumlar AQSH va Eron o‘rtasida erishilgan tinchlik kelishuviga xavf tug‘dirishi ehtimoli bo‘lgan.

Xabarlarga ko‘ra, Tramp va Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu o‘rtasidagi munosabatlarda ham so‘nggi vaqtlarda taranglik kuchaygan. Isroil rasmiylari Trampning Eron bilan tuzgan kelishuvidan norozi bo‘lsa, AQSH Prezidenti esa Bayrutga qilingan zarbalar sabab Eronning qarshi hujumlari boshlanganidan va bu uning tinchlik muzokaralarini yakunlash rejasiga xalaqit berganidan norozilik bildirmoqda.

Tramp Netanyaxu bilan munosabatlari yaxshi ekanini aytgan bo‘lsa-da, Isroil rahbarini Livan masalasida “ko‘proq mas’uliyatli bo‘lishga” chaqirgan.

“Bizsiz, Amerika Qo‘shma Shtatlarisiz Isroil bo‘lmas edi. Mensiz ham Isroil bo‘lmas edi, chunki boshqa hech bir prezident men qilgan ishlarni qilishga tayyor emasdi”, deydi u.

Tramp va Netanyaxu o‘rtasidagi kelishmovchiliklar asosan Isroilning Livanda “Hizbulloh”ga qarshi amaliyotlarni cheklashdan bosh tortayotgani bilan bog‘liq. Livanda o‘t ochishni to‘xtatish Eronning asosiy talablaridan biri hisoblanadi.

Trampning bayonotidan ko‘p o‘tmay, Oq uyning rasmiy sahifasi mazkur fikrlar aks etgan videoni e’lon qilgan. Biroq Oq uy bu parcha nima uchun alohida tarqatilganiga izoh bermagan. Shu bilan birga, Oq uy Tramp va Netanyaxu o‘rtasida mustahkam munosabatlar saqlanib qolayotganini ta’kidlab, Isroil Mudofaa kuchlarini AQSHning “ajoyib hamkori” deb atagan.

“Prezident Trampdan ko‘ra Isroilning yaqinroq do‘sti va tinchlik uchun ko‘proq kurashgan rahbar bo‘lmagan. AQSH va Isroilning qat’iy harakatlari tufayli Amerika fuqarolari va ittifoqchilari xavfsizroq bo‘ldi, chunki Eron rejimi yadroviy qurol yaratish imkoniyatidan mahrum etildi”, deydi Oq uy vakili.

Ayni paytda Trampning tanqidiy bayonotlari Isroilni harbiy taktikasini o‘zgartirishga majbur qiladigan aniq siyosiy qarorlarga aylanishi haqida hech qanday ma’lumot yo‘q. Isroil G‘azodagi harbiy amaliyotlari uchun xalqaro hamjamiyat tomonidan ham qattiq tanqid qilib kelinmoqda. G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, urush boshlanganidan buyon 73 ming kishi halok bo‘lgan bo‘lib, ularning aksariyati tinch aholi hisoblanadi.

Isroil esa tinch aholini ataylab nishonga olmasligini ta’kidlab, HAMAS va “Hizbulloh” kabi qurolli guruhlar aholidan tirik qalqon sifatida foydalanishini bildirib keladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan uchrashuv tashkil etishga shoshilinch urinishlar qilayotgani haqida xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Tramp Isroil G7 sammiti tanqid

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing