Tramp Kolumbiya Prezidentini Oq uyga taklif qildi

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp Kolumbiyaga nisbatan harbiy choralar ko‘rish bilan tahdid qilganidan bir necha kun o‘tib, kecha, 7-yanvarda Kolumbiya Prezidenti Gustavo Petro bilan telefon orqali suhbatlashgani va uni Oq uyga taklif qilganini ma’lum qildi. Bu haqda u Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida yozdi.  

Qayd etilishicha, Tramp va Petro suhbatda ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni muhokama qilgan. Bu ularning ilk suhbati  bo‘lib, muloqot Tramp 4 yanvar kuni Kolumbiya hukumatiga qarshi AQSH harbiy amaliyotini o‘tkazish “yaxshi fikr” ekanligini aytganidan keyin bo‘lib o‘tdi. Ushbu tahdid Trampning qo‘shni Venesuela prezidenti Nikolas Maduroni AQSH harbiylari tomonidan qo‘lga olinishi va Manhettenga olib ketilishi ortidan yangragan edi. 

“Kolumbiya Prezidenti Gustavo Petro bilan gaplashish men uchun katta sharaf bo‘ldi. Suhbat chog‘ida giyohvand moddalar va o‘rtamizda yuzaga kelgan boshqa kelishmovchiliklarga oydinlik kiritildi. Men uning qo‘ng‘irog‘i va suhbat ohangini yuqori baholayman hamda yaqin kelajakda u bilan uchrashishni
intiqlik bilan kutaman”, deb yozdi Tramp o‘zining ijtimoiy tarmog‘ida.  

Oq uy rahbarining aytishicha, Vashingtonda uchrashuvni tashkil etish ishlari boshlangan, biroq aniq sana ochiqlanmagan. 

“Reuters”ga ko‘ra, Kolumbiya yetakchisi Bogotada o‘tkazilgan mitingda chiqish qilib, prezident bo‘lganidan buyon Tramp bilan  ilk bor telefon orqali gaplashganini va ikki mamlakat o‘rtasida munosabatlarni qayta tiklashni so‘raganini aytgan. Shuningdek, u qo‘ng‘iroq “samimiy va hurmatga asoslangan” tarzda o‘tganini ma’lum qilgan.  

Eslatib o‘tamiz, Tramp 2025-yil yanvarida Oq uyga qaytganidan beri uning Petro bilan munosabatlari sovuq bo‘lib kelmoqda.  https://qalampir.uz/news/men-tramp-bilan-k-ul-berib-kurishmayman-kolumbiya-prezidenti-113412   AQSH Prezidenti Kolumbiya hukumatini asossiz ravishda AQSHga “kokain” oqimiga ko‘z yumishda ayblab kelgan. Bundan tashqari, oktyabr oyida Petroga nisbatan sanksiyalar ham joriy etilgan.  

Shuningdek, sentyabr oyida Petro AQSHda bo‘lib o‘tgan Falastinni qo‘llab-quvvatlash namoyishida qatnashgani va AQSH askarlarini Tramp buyruqlariga bo‘ysunmaslikka chaqirgani ortidan uning AQSH vizasi bekor qilingan edi.  

Petro ham, o‘z navbatida, Isroilning G‘azodagi harakatlarini ochiq tanqid qilib kelgan va Trampni G‘azodagi “genotsidga sheriklikda” ayblagan. Shuningdek, u Karib dengizi hududida giyohvand moddalarni tashishda gumon qilingan kemalarga AQSH tomonidan raketa zarbalari berilishi yuzasidan “jinoyat ishi qo‘zg‘atish” zarurligini ta’kidlagan. 

“Reuters” ma’lumotiga ko‘ra, Tramp ma’muriyati sentyabr oyidan buyon giyohvand moddalar tashishda gumon qilingan kemalarga qarshi 30 martadan ortiq zarba bergan. Ushbu operatsiyalar oqibatida kamida 110 kishi halok bo‘lgan.


Maqola muallifi

Teglar

Tramp Oq uy Kolumbiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing