Tramp Kongressdan “Alkatras”ni tiklash uchun 152 mln dollar so‘radi

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp Kongressidan “Alkatras” qamoqxonasini qayta tiklash uchun 152 million dollar ajratishni so‘radi. Oq uy tomonidan e’lon qilingan 2027 yilgi byudjet loyihasida ana shunday ma’lumotlar keltirilgan. Bu haqda CNN xabar berdi.

Hozirda “Alkatras” mashhur turistik maskan hisoblanadi. Oq uy rahbari “Alkatras”ni xavfli jinoyatchilar uchun yana qattiq tartibli qamoqxonaga aylantirmoqchi. Ommaviy axborot vositalarining yozishicha, sobiq qamoqxona joylashgan orolda kanalizatsiya va suv quvurlari mavjud emas.

“Qoya” (The Rock) nomi bilan tanilgan orolning katta qismi qush axlati bilan qoplangan. Barcha zarur anjomlarni qayiqlarda yetkazib berishga to‘g‘ri keladi”, deyiladi xabarda.

San-Fransisko rasmiylari Trampning qamoqxonani qayta tiklash niyatini ijobiy baholamagan, chunki turizm shahar iqtisodiyotining eng yirik tarmoqlaridan biriga aylangan. Bir yil oldin ham Donald Tramp mashhur “Alkatras” qamoqxonasi faoliyatini qayta tiklash niyatida ekanligini ma’lum qilgan edi.

Ma’lumot uchun, “Alkatras” qamoqxonasi 1963 yilda bosh prokuror Robert Kennedining qarori bilan yopilgan. Bunga asosiy sabab uni saqlash xarajatlarining yuqoriligi bo‘lgan – bir mahbus uchun kuniga qariyb 10 dollar sarflangan, boshqa qamoqxonalarda esa bu ko‘rsatkich 3 dollarni tashkil etgan. Oxirgi 30 nafar mahbus boshqa muassasalarga o‘tkazilgan. Bir vaqtlar bu qamoqxonada afsonaviy gangster Al Kapone saqlangan.

Bugungi kunda “Alkatras” jamoat muzeyi va San-Fransiskoning asosiy diqqatga sazovor joylaridan biri bo‘lib, har yili taxminan 1,5 millionga yaqin turistni jalb qiladi. Sobiq qamoqxona AQSH Milliy bog‘lar xizmati tasarrufida bo‘lib, u yerda tiklash va ta’mirlash ishlari olib boriladi.


Maqola muallifi

Teglar

Donal'd Tramp San-Frantsisko Al'katras

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing