Tramp okeanni kuzatish bo‘yicha eng ilg‘or tarmoqni tugatmoqchi
Olam
−
02 iyun 1465 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’muriyati dunyo okeanini kuzatish bo‘yicha eng ilg‘or tizimlardan birining faoliyatini butunlay to‘xtatishga qaror qildi. Bu haqda o‘z manbalariga tayanib, “The New York Times” nashri xabar berdi.
Olimlar ushbu yuqori texnologiyali tarmoqdan global iqlim o‘zgarishlarini uzoq muddatli prognoz qilish, vayronkor suv toshqinlarini tahlil qilish hamda issiqxona gazlarining okean tomonidan yutilishini nazorat qilish uchun foydalanib kelayotgan edi. AQSH hukumati ushbu keng ko‘lamli ekologik dasturni 2016 yilda rasman “Ocean Observatories Initiative” (Okean kuzatuvlari tashabbusi) nomi ostida ishga tushirgan. Murakkab uskunalarni yaratish va joylashtirish Amerika byudjetiga 368 million dollarga tushgan bo‘lsa, uning yillik ta’minoti uchun yana 48 million dollar ajratish talab etilardi.
Dastlab ekspertlar ushbu majmuadan 25 yil davomida foydalanishni rejalashtirishgan, chunki qurilmalar noyob ma’lumotlarni masofadan turib yig‘ish imkonini berar va olimlarni xavfli hamda qimmatga tushuvchi dengiz ekspeditsiyalarini o‘tkazish zaruratidan xalos qilardi.
AQSH Milliy ilm-fan jamg‘armasi joriy 2026 yilning iyun oyidayoq texnikalarni okean tubidan chiqarib olish uchun maxsus kemalarni safarbar etadi. Mutaxassislar Amerika qirg‘oqlari yaqinida hamda Grenlandiya va Islandiya o‘rtasidagi shiddatli Irminger dengizida joylashtirilgan 900 dan ortiq chuqur suv osti datchiklarini ko‘tarib olishlari kerak bo‘ladi.
To‘liq demontaj ishlari 15 oygacha vaqt oladi. Shu bilan birga, tegishli idora faqatgina Oregon shtati yaqinidagi faol suv osti vulkani atrofidagi seysmik datchiklarni ishchi holatda saqlab qoladi — ular kamida 2028 yilgacha faoliyatini davom ettiradi. AQSH ilmiy hamjamiyati vakillari Oq uyning ushbu xatti-harakatlarini keskin tanqid qilib, bu mamlakatning jahon ilmiy yetakchiligidan ortga chekinishi ekanini bayon qilgan.
Bundan avval ham Prezident ma’muriyati ushbu dasturni yopishga bir necha bor urinib, uni moliyalashtirishni birdaniga 80 foizga qisqartirishni taklif qilgan. Biroq o‘tgan yillar davomida AQSH Kongressi ijroiya hokimiyatining bu kabi tashabbuslarini har safar bloklab kelgan va ekologik loyihaning pul ta’minotini to‘liq hajmda tiklab bergan.
Live
Barchasi