To‘qayev taekvondo qora belbog‘ini olib, taxtachani sindirdi (video)
Olam
−
12 avgust 9330 2 daqiqa
Bugun, 12 avgust kuni Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev taekvondo bo‘yicha qora belbog‘ni qabul qilgach, o‘z imzosi qo‘yilgan taxtachani sindirdi. Bu haqda Oqo‘rda matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Prezident avval mashg‘ulot taxtachasiga imzo qo‘ygan, so‘ng Jahon taekvondo federatsiyasi prezidenti Chungvon Chou an’anaga ko‘ra davlat rahbaridan uni sindirishni so‘ragan.
To‘qayev avval “Haqiqatan sindirishim kerakmi?” deb so‘ragach, qo‘li bilan zarba berib taxtani ikkiga bo‘lgan. Zalda yig‘ilganlar, jumladan, Qozog‘iston Milliy olimpiya qo‘mitasi raisi Gennadiy Golovkin ham unga qarsak chalgan.
Davlat rahbari Chungvon Chouning tashrifini Qozog‘iston sport jamoatchiligi uchun muhim voqea deb atab, Jahon taekvondo federatsiyasining mamlakatda sportni rivojlantirishga ko‘mak berishga tayyorligini tasdiqlashini qayd etgan.
To‘qayev taekvondoni nafaqat olimpiya sport turi, balki butun dunyo bo‘ylab millionlab insonlarni birlashtiradigan uyg‘unlik, intizom va o‘zaro hurmat tamoyillariga asoslangan falsafa sifatida ta’riflagan.
Prezident To‘qayev Chungvon Chouni taekvondoni butun dunyoda rivojlantirishga qo‘shgan katta hissasi uchun II darajali “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlagan. Jahon taekvondo federatsiyasi rahbari esa hurmat ifodasi sifatida Qozog‘iston Prezidentiga to‘qqizinchi dan qora belbog‘ni topshirgan.
Ma’lumot uchun, taekvondoda to‘qqizinchi dan qora belbog‘ eng oliy daraja hisoblanadi. U jang san’atini rivojlantirishga hissa qo‘shganlarga, shuningdek, tashkiliy va uslubiy ishlar, uning falsafasini targ‘ib qilganlik uchun beriladi.
Live
Barchasi