To‘qayev turkiy davlatlar parlament spikerlari bilan uchrashdi (video)

Olam

image

Bugun, 12 iyun kuni Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Turkiy tilli davlatlar parlament assambleyasi (TurkPA) a’zosi bo‘lgan mamlakatlarning parlament spikerlari bilan yig‘ilish o‘tkazdi. Tadbirda O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi spikeri Nuriddin Ismoilov ham qatnashdi. Bu haqda Qozog‘iston rahbarining axborot xizmati xabar berdi.

To‘qayev Parlament assambleyasini muhim siyosiy tuzilma sifatida baholab, Qozog‘iston bu tashkilotni to‘liq qo‘llab-quvvatlashini bildirgan. U o‘n yil davomida Senat raisi sifatida faoliyat yuritgani, parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirishda ishtirok etganini eslatib o‘tgan. Uning aytishicha, assambleya faoliyati tufayli turkiy xalqlar birdamligi yildan-yilga mustahkamlanmoqda, bu esa butun turkiy dunyoning xalqaro nufuz va ta’sirini oshirishga xizmat qilmoqda.

Prezident Qozog‘istonning Turkiy davlatlar tashkilotining asoschilaridan biri ekanini eslatgan. Uning fikricha, tashkilot a’zolari iqtisodiy, madaniy va gumanitar rivojlanishda muhim o‘rin tutmoqda va bu salohiyat umumiy maqsadlarga erishish uchun foydalanilishi lozim. 

Prezident, shuningdek, Qozog‘istonda amalga oshirilayotgan siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar haqida ham axborot bergan. Konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgartirishlar asosida yangi tizim joriy etilgani, Prezident vakolati yetti yil bilan cheklanganini ma’lum qilgan. Uchrashuv yakunida To‘qayev bu uchrashuv turkiy mamlakatlar birligi va hamkorligi mustahkamlanayotganining yana bir isboti ekanini qayd etgan. 

“Hamjihatlikda biz bu notinch davrni yengib o‘tamiz va iqtisodiyotlarimiz rivojiga katta turtki beramiz”, deya xulosa qilgan Qozog‘iston rahbari. 

Ma’lumot uchun, TurkPA – turkiy xalqlar o‘rtasida parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan xalqaro tashkilot bo‘lib, 2008 yilda tuzilgan va bosh qarorgohi Ozarbayjonning Baku shahrida joylashgan. Assambleya turkiy davlatlarning siyosiy, iqtisodiy, madaniy va gumanitar sohalardagi hamkorligini mustahkamlash, parlamentlar o‘rtasida tajriba almashish, qonunchilik jarayonida o‘zaro maslahatlashuv va turkiy integratsiyani chuqurlashtirishga xizmat qiladi. TurkPAga Qozog‘iston, O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Ozarbayjon va Turkiya to‘liq a’zo, bundan tashqari, Vengriya va Turkmaniston kuzatuvchi maqomida ishtirok etadi. 

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 21 may kuni Venriyaning Budapesht shahrida bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) davlat va hukumat rahbarlarining norasmiy sammiti bo‘yicha e’lon qilingan qo‘shma bayonotda TDTga a’zo davlatlar rahbarlari Afg‘oniston fuqarolarining barcha asosiy huquqlarini farqlarsiz tiklash va ta’minlash orqali inson huquqlariga hurmat ko‘rsatishga chaqirgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Qosim-Jomart To'qaev Nuriddin Ismoilov TurkPA

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing