To‘qayev yadroviy falokat ehtimoli eng yuqori darajaga chiqqanini aytdi

Olam

image

Bugun, 17 sentyabr kuni Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Ostona shahrida bo‘lib o‘tayotgan VIII Jahon va an’anaviy dinlar yetakchilari qurultoyida yadroviy mojaro xavfi va iqlim tahdidlari haqida fikr bildirdi. Bu haqda “Nur.kz” xabar berdi.

O‘z nutqida To‘qayev bugungi kunda yadroviy mojaro xavfi jiddiy tashvish uyg‘otayotganini bildirgan.

“Bunday Armageddon ehtimoli so‘nggi o‘n yilliklarda mutaxassislar tomonidan eng yuqori darajada baholanmoqda. Afsuski, dunyoda konstruktiv tashabbuslar va siyosiy yumshoqlik o‘rniga qarama-qarshi fikrlash kuchaymoqda, geosiyosiy darzliklar kengaymoqda, ijtimoiy tanglik ortib bormoqda.

Bunday murakkab sharoitda, menimcha, xalqaro maydonda dialogni rivojlantirish, o‘zaro begonalashuvni yengib o‘tish va ishonchni oshirishning asosiy vositasi sifatida konstruktiv diplomatiya hal qiluvchi rol o‘ynashi kerak”, deydi u.

To‘qayev din yetakchilari ham jahon miqyosida o‘ziga xos mas’uliyatni zimmasiga olganini, ular sivilizatsiyalararo muloqot va insonlar o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlashga alohida hissa qo‘shishi lozimligini qayd etgan.

“Men ishonamanki, diniy yetakchilar dunyoni betartiblik va xaos tomon sirg‘alib ketishidan to‘xtatish uchun bor kuchini safarbar etadi. Ular ko‘plab siyosatchilarga sog‘lom fikr, ezgu niyat va ma’naviy mas’uliyat haqida eslatib turadi”, deydi Qozog‘iston rahbari.

U, shuningdek, dunyo iqlim tahdidlariga duch kelayotganiga ham e’tibor qaratgan.

“Markaziy Osiyoda bu ayniqsa keskin sezilmoqda. Mintaqamizda tabiiy o‘zgarishlar dunyo o‘rtacha ko‘rsatkichiga qaraganda tezroq kechmoqda. Qurg‘oqchilik, muzliklarning erishi, ichimlik suvi zaxiralari kamayishi kuzatilmoqda. Barcha xalqlarning ma’naviy an’analari tabiatga ishonch va  asrab-avaylab yashashni o‘rgatadi. Chunki yer bizning umumiy uyimizdir, u Yaratgan tomonidan berilgan, unga g‘amxo‘rlik qilish esa umumiy burchimizdir.

Iqlim o‘zgarishlari va uning oqibatlari nafaqat ilmiy yoki iqtisodiy masala, balki tub ma’noda axloqiy sinovdir. Potensial ekologik falokat qarshisida xalqaro birdamlik va hamkorlikni global va mintaqaviy darajada kuchaytirish nihoyatda muhimdir”, deydi To‘qayev.

Qozog‘iston Prezidenti qurultoy doirasida iqlim o‘zgarishlariga qarshi kurashda diniy yetakchilarning roliga oid qo‘shma hujjat ishlab chiqish tashabbusini muhokama qilishni taklif etgan. Uning fikricha, bunday hujjatda ekologik mas’uliyat tamoyillari diniy qadriyatlarga asoslangan holda mustahkamlanishi, asosiy e’tibor esa zaif hududlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qosim-Jomart To‘qayev Xalqaro yadroviy sinovlarga qarshi kurash kunida yadro qurolini sinash oqibatida Qozog‘iston xalqi boshidan kechirgan og‘ir oqibatlarni eslatgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Qosim-Jomart To'qaev yadroviy falokat

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing