Turkiyada Eronga qarshi Patriot tizimi joylashtirilmoqda

Olam

image

Turkiyada havo hududini himoya qilish maqsadida Patriot havo mudofaa tizimi Malatyaga joylashtiriladi. Bu haqda mamlakat Milliy mudofaa vazirligi xabar qildi.

Vazirlik bayonotida keltirilishicha, Turkiya Qurolli kuchlari mamlakat va fuqarolar xavfsizligini ta’minlashga qat’iy intilayotganligi qayd etilgan.

“Hududimizda yuz berayotgan so‘nggi voqealar fonida chegara va havo hududimiz xavfsizligini ta’minlash uchun zarur choralar ko‘rilmoqda, NATO va ittifoqchilarimiz bilan maslahatlashuvlar olib borilmoqda. Milliy darajada qabul qilingan choralarimizga qo‘shimcha sifatida NATO havo va raketa mudofaa choralari kuchaytirilgan”, deyiladi bayonotda.

Vazirlik NATO va ittifoqchilar bilan hamkorlik va maslahatlashuvlarda voqealarni baholashini bildirgan.

“Havo hududimizni himoya qilishga yordam berish maqsadida Patriot tizimi Malatyaga joylashtirilmoqda. Mudofaa va xavfsizlik salohiyatini eng yuqori darajada saqlayotgan mamlakatimiz NATO va ittifoqchilarimiz bilan hamkorlik va maslahatlashuvlarda voqealarni baholashni, mintaqaviy tinchlik va barqarorlik uchun sa’y-harakatlarni davom ettirishni rejalashtirmoqda”, deyiladi vzirlik xabarida.

Shuningdek, bayonotda aytilishicha, Turkiya yaxshi qo‘shnichilik va mintaqaviy barqarorlikni yoqlaydi va mamlakatga, havo hududiga qarshi har qanday tahdidga nisbatan barcha zarur choralar qat’iy va shubhasiz amalga oshiriladi.

“Turkiyaning bu boradagi ogohlantirishlariga rioya qilish har bir tomonning manfaatiga ekanligini eslatamiz”, deyiladi bayonotda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiya osmonida Erondan uchirilgan ballistik raketa yo‘q qilingandi. Shundan so‘ng, Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon qo‘shnilaridan uzr so‘radi va hujumlarni to‘xtatishga va’da berdi. Turkiya Tashqi ishlar vaziri Hoqon Fidan esa Turkiya oson provakatsiyaga beriladigan mamlakat emasligini ta’kidlab, Eronni keskin ogohlantirgandi. Shundan so‘ng eron tomondan yana bir marta Turkiya tomonga ballistik raketa yo‘naltirilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Turkiya Eron Patriot tizimi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing