Turkiyada futbol mojarosi: 8 kishi hibsga olindi, 1024 futbolchi chetlatildi
Sport
−
11 noyabr 2999 2 daqiqa
Turkiya hukumati futbol o‘yinlariga noqonuniy pul tikishda ayblangan sakkiz kishini, jumladan, yuqori darajadagi klub rahbarini hibsga oldi. Shu bilan birga, Turkiya futbol federatsiyasi (TFF) 1024 nafar futbolchini tergov yakuniga qadar vaqtincha futbol faoliyatidan chetlatganini ma’lum qildi. Bu haqda “Anadolu” xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, sud tergovi doirasida “Eyupspor” klubi rahbari Murat Ozkaya hamda yana 7 kishi hibsga olingan. Klub vakillari bu borada izoh berishdan bosh tortgan.
Federatsiya bayonotiga ko‘ra, 1024 nafar futbolchi Professional futbol intizom kengashiga (PFDK) yuborilgan bo‘lib, ular orasida Superliganing eng yuqori darajadagi klublaridan “Galatasaray” va “Beshiktosh” futbolchilari ham bor.
Shuningdek, TFF klublarga tarkibdagi bo‘shliqlarni to‘ldirish imkonini berish maqsadida FIFA bilan 15 kunlik qo‘shimcha ichki transfer oynasini ochish bo‘yicha muzokaralar boshlanganini bildirdi.
Ikkinchi va uchinchi darajali ligalardagi o‘yinlar esa ikki haftaga to‘xtatildi. Mahalliy OAV ma’lumotlariga ko‘ra, TFF kengashi bugun, 11 noyabr kuni vaziyatni muhokama qilish uchun navbatdan tashqari yig‘ilish o‘tkazadi.
TFF prezidenti Ibrohim Hajiosmono‘g‘li bu holatni “turk futbolidagi ma’naviy inqiroz” deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, federatsiya o‘tkazgan tekshiruv natijasida mamlakatdagi 571 faol hakamdan 371 nafarida qimor hisoblari mavjudligi, 152 nafari esa faol ravishda pul tikishda qatnashgani aniqlangan.
Qizig‘i shundaki, ba’zi hakamlar minglab o‘yinlarga garov tikkan. Ulardan biri 18 227 marotaba, 42 nafar hakam esa har biri 1000 tadan ortiq o‘yinga pul tikkan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiya futbol federatsiyasi (TFF) mamlakat professional ligalarida faoliyat yurituvchi amaldorlar futbol o‘yinlariga pul tikayotganini aniqlagan tekshiruvdan so‘ng, 149 nafar hakam va yordamchi hakamni chetlatgan edi.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr