Turkiyada shou-biznes yulduzlari ommaviy hibsga olindi
Madaniyat-san’at
−
08 Oktabr 30266 2 daqiqa
Turkiyada mashhur qo‘shiqchilar va aktyorlar giyohvand moddalarni targ‘ib qilish va kontrabanda bilan bog‘liq ish doirasida hibsga olindi. Bu haqda bugun, 8 oktyabr kuni Halk TV xabar berdi.
“Istanbul Bosh prokuraturasining kontrabanda, giyohvand moddalar va iqtisodiy jinoyatlar bo‘yicha tergov boshqarmasi taniqli shaxslar – Hadise, Dilan-Engin Po‘lat, Simge Sag‘in, Demet Evgar va Kubilay Akaga nisbatan operatsiya o‘tkazdi”, deyiladi telekanal xabarida.
Operatsiyalar davomida hibsga olinganlarning to‘liq ro‘yxati:
- Birse Akalay;
- Birsen Berrak Tuzunatach;
- Jeren Moray Orjan;
- Demet Evgar Babatash;
- Deren Talu;
- Dilan Po‘lat;
- Duygu O‘zaslon Mutaf;
- Engin Po‘lat;
- Feyza Altun;
- Hadise Achikgo‘z;
- Irem Deriji;
- Qaan Yildirim;
- Kubilay Aka;
- Mert Yazidjiog‘lu;
- Metin Akdyulger;
- O‘zge O‘zpirinchchi (Yamanturk);
- Zaynab Merich Aral Keskin;
- Ziynat Sali (Safter).
Ushbu shaxslar so‘roq qilish va qon namunalarini olish uchun Istanbul viloyat jandarmasi boshqarmasiga olib ketilgan.
Qo‘shiqchi Irem Derijining advokati Oyshagul Mermer holat bo‘yicha izoh bergan.
“Mijozim Irem Deriji bilan olib borilayotgan jarayon doirasida biz so‘roq uchun jandarma bo‘linmasiga yo‘l olyapmiz. Hozircha bizga ish mazmuni yoki mavzusi haqida rasmiy ma’lumot berilmagan. Jarayon aniqlashtirilgach, jamoatchilikka qo‘shimcha ma’lumot beriladi”, deydi u.
Ziynet Salining advokati ham mijozi borasida ma’lumot bergan.
“Ziynet Sali so‘roq uchun chaqirilgan, biroq u hozir xorijda bo‘lgani sababli qaytgach, o‘z ko‘rsatmasini beradi. Mijozim Ziynet Sali hayoti davomida hatto sigaret ham chekmagan va mazkur tergov hamda unda tilga olingan shaxslar bilan hech qanday aloqasi yo‘q”, deydi advokat.
“Sözcü” nashri xabariga ko‘ra, hibsga olinganlar orasida borligi aytilgan Simge Sag‘inning advokati qo‘shiqchi bir haftadan beri AQSHda ekanini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning fevral oyida turkiyalik pop yulduzi Sardor O‘rtach Istanbulning Chag‘layon adliya saroyida bo‘lib o‘tgan sud majlisida noqonuniy qimorni targ‘ib qilgani uchun 10 oy qamoq jazosiga hukm qilinib, shuningdek, 400 lira jarimaga tortilgandi.
Live
Barchasi