Turkiyada suv ta’minoti bilan bog‘liq vaziyat keskinlashmoqda – OAV
Olam
−
22 yanvar 2410 1 daqiqa
Turkiyada suv ta’minoti bilan bog‘liq vaziyat keskinlashmoqda. Anqarani suv bilan ta’minlaydigan suv omborlarida suv sathi jiddiy darajada pasaygan. Bu haqda Suv ta’minoti va kanalizatsiya boshqarmasi (ASKİ) ma’lumotlariga tayanib, “Ekonomim” xabar berdi.
Nashr ma’lumotiga ko‘ra, bugun, 22 yanvar holatiga suv omborlarining umumiy to‘ldirilish darajasi atigi 12,6 foizni tashkil etgan. Faol foydalanish mumkin bo‘lgan suv hajmi esa 1,38 foizgacha kamaygan.
Qayd etilishicha, Anqarani suv bilan ta’minlaydigan suv omborlarining hozirgi holati o‘ta xavotirli hisoblanadi va vaziyat jiddiy nazorat ostiga olingan.
Shuningdek, Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an mamlakatning yirik shaharlarida – Anqara, Bursa va Istanbulda suv tanqisligi yuzaga kelishi mumkinligi haqida ogohlantirgan. Prezident bu holatni quruq ob-havo sharoitida muxolifat boshqaruvidagi munitsipalitetlarning yetarli choralar ko‘rmagani bilan izohlagan.
Shuningdek, u mahalliy hokimiyatlarning sustkashligi suv ta’minoti bilan bog‘liq muammolarni yanada chuqurlashtirganini ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq BMT huzuridagi Suv, atrof-muhit va sog‘liqni saqlash universiteti dunyo bo‘ylab suv resurslari keskin qisqarib borayotgani haqida xabar bergan edi.
Live
Barchasi