Turkiyada o‘zbekistonlik ayol jinsiy zo‘ravonlikka uchradi
Olam
−
12 mart 6514 5 daqiqa
Joriy yilning 5 mart kuni Turkiyaning Istanbul shahrida o‘zbekistonlik ayol ozarbayjonlik shaxs tarafidan jinsiy zo‘ravonlikka uchradi. Bu haqda “Halktv” xabar qildi.
Qayd etilishicha, hodisa Kadiko‘y tumanidagi Dumlupinar mahallasida mahalliy vaqt bilan soat 04:33 atrofida sodir bo‘lgan. Uch nafar ozarbayjonlik shaxs Tural A., Fuzuli A. va Shirali I. oldindan kuzatib yurgan ko‘p qavatli uyga o‘g‘irlik qilish uchun kirgan.
Tural A. va Fuzuli A. 68 yoshli Narimon Figen P. ismli ayol yashaydigan xonadonining ikkinchi qavat balkoniga narvon yordamida kirgan. Shirali I. esa sheriklari uyga kirganidan so‘ng narvonni olib, voqea joyidan uzoqlashgan.
Shirali I. Tural A. va Fuzuli A. voqeadan 10 kun oldin Istanbulning G‘oziusmonposhsho tumanida bo‘yoqchi bo‘lib ishlaydigan Atiq S. ismli ozarbayjonlik erkakning uyiga borgan. “Boradigan joyimiz yo‘q, ish qidiryapmiz”, degan ikki tanishiga Atiq S. uyining ko‘mir omborida vaqtincha yashashga ruxsat bergan.
Atiq S.ning aytishicha, 5 mart kuni kechqurun ular undan narvon va otvyortka so‘ragan. U nima uchun kerakligini so‘raganida, Fuzuli A. “bizning ozarbayjonlik bir opamiz bor. Qarovchilik qilardi, lekin maoshini bermay qo‘yishgan. Borib pulini olib kelamiz”, deya javob bergan.
Atiq S.ning aytishicha, ular tahdid qilgani uchun narvon va asboblarni berishga majbur bo‘lgan.
Shundan so‘ng kechasi uch nafar gumonlanuvchi uyidan taksiga o‘tirib, Kadiko‘yga borgan. Bir necha ko‘cha narida tushib, piyoda ko‘p qavatli uy tomon yo‘l olgan. Ular kirgan xonadon 68 yoshli Narimon Figen P.ga tegishli bo‘lib, ayol uyda o‘zbekistonlik qarovchisi bilan yashagan.
Aniqlanishicha, u yerda oldinroq Jayhuna O. ismli ozarbayjonlik ayol ishlagan, ammo u ketgach uning o‘rniga O‘zbekiston fuqarosi M.K. ish boshlagan. Voqea sodir bo‘lgan kuni uyda faqat Narimon Figen va M.K. bo‘lgan.
Erkaklardan ikki nafari balkon eshigining qulflanmaganidan foydalanib ichkariga kirgan. Narimon Figen P. o‘z xonasida uxlab yotgan paytda Tural A. uni uyg‘otgan va seyfning joyini so‘ragan.
“Bizning siz bilan ishimiz yo‘q. O‘g‘lingizga tegishli bir hujjat bor, uni seyfdan olaman”, degan Tural A.
Ayol esa uyda seyf yo‘qligini aytgan. Shunga qaramay, Tural A. xonani qidirib, karavot ostida yashirilgan seyfni topgan. Qo‘rqib ketgan ayol kalitni berishga majbur bo‘lgan. Seyfdan ular 10 juft sirg‘a, 3 ta zanjir, 6 ta bilaguzuk, 10 ta oltin tanga, 10 ming turk lirasini olgan. Bundan tashqari, ayolning qo‘lidagi 9 ta bilaguzuk, barmog‘idagi oltin uzuk va qulog‘idagi sirg‘alarni ham yechib olgan.
O‘zbekistonlik qarovchiga tajovuz
Fuzuli A. uyga kirayotgan paytda yo‘lakda o‘zbekistonlik qarovchi M.K. bilan to‘qnash kelgan. Bir farzandning onasi M.K. 2026 yil 11 fevralda Turkiyaga borgan va avvalgi qarovchining o‘rniga ish boshlagan bo‘lgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Fuzuli A. unga pichoq o‘qtalib, qo‘rqitgan. Qo‘llari va og‘zini bog‘lab, jinsiy zo‘ravonlik qilgan.
“Men va uy egasi alohida xonalarda uxlayotgandik. Tashqaridan shovqin eshitdim. Yo‘lakka chiqqanimda ikki erkak balkon orqali uyga kirayotganini ko‘rdim. Ulardan biri meni ushlab oldi. U uzun pichoqqa o‘xshash qurol ko‘rsatib, qo‘rqitdi. Qo‘llarimni va og‘zimni bog‘ladi. Keyin meni yotoqxonamga olib kirib, yotoqqa yotqizdi va jinsiy zo‘ravonlik qildi. Shu paytda “Agar politsiyaga xabar bersang seni o‘ldiraman”, deb tahdid qildi”, deydi M.K.
Uning aytishicha, voqea paytida ikkinchi gumondor uy egasining oltinlarini olayotgan bo‘lgan. Keyin ular uy egasining zargarlik buyumlari va pullarini olib, chiqib ketgan.
Tural A. va Fuzuli A. soat 05:06 da uyidan chiqib ketgan va qaytish uchun metrobusga chiqqan. O‘sha transportda yana bir ozarbayjonlik Halil N. ham bo‘lgan. Shirali I. esa kiyimini almashtirib boshqa metrobusga o‘tirgan. Tural A. shu kunning o‘zidayoq qo‘lga olingan.
Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, u 2020 yilda Turkiyada xitoylik tadbirkorni o‘ldirishga uringan va shu sababli 5 yil qamalib chiqqan va mamlakatdan deportatsiya qilingan. Shunga qaramay, u yana Turkiyaga qaytgan. U qo‘lga olinganda 46 900 turk lirasi, qo‘lida o‘g‘irlangan bilaguzuk, bo‘ynida oltin zanjir topilgan.
Telefoni tekshirilganda esa Narimon Figen P.ning uyining balkon tomondan olingan suratlari aniqlangan. Bu suratlarni Halil N. tomonidan yuborilgan bo‘lgan. Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, bu suratlarni unga sobiq qarovchi Jayhuna O. yuborgan. U esa 2026 yil 21 fevralda Ozarbayjonga uchib ketgan.
Tural A. so‘roq paytida bergan ko‘rsatmasida uyga soat 4 da kirib, o‘g‘irlik qilganini aytgan.
“Avval qamoqda birga bo‘lgan Halil N. menga uyning manzilini va suratlarini berdi. Fuzuli bilan borib uy atrofini ko‘zdan kechirdik. Soat 4 da kirib bordik. Men keksa bemor ayolning xonasiga kirib, seyfni so‘radim. U ko‘rsatdi. Seyfdan oltinlarni olib chiqib ketdik”, degan Tural A.
Fuzuli A. esa keksa ayolning seyfidan 30-40 ming lira olganini bildirgan.
“Tural manzilni topib, uyda oltin va pul borligini aytdi. Uyni bir necha marta kuzatdik. Enaganing qo‘llarini bog‘ladim. Seyfni kampirga ochdirib oltinlarni olib chiqib ketdik. 30-40 ming lira atrofida pul oldim”, degan u.
Shuningdek, u o‘zbekistonlik ayolni zo‘rlamaganini, faqat o‘pganini aytib o‘zini oqlashga uringan.
Joriy yilning 8 mart kuni Fuzuli A. xorijga qochmoqchi bo‘lgan paytda samolyotda qo‘lga olingan. Fuzuli A. va Tural A. talonchilik aybi bilan qamoqqa olingan. Fuzuli A.ga jinsiy zo‘ravonlik bo‘yicha ham ayblov qo‘yilgan. Shirali I. va Halil N. esa qidiruvga berilgan.
Jinsiy zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan o‘zbekistonlik qarovchi M.K. Turkiyada boshqa qololmasligini aytib, o‘zbekistonga qaytganini aytgan.
“Men Turkiyada qololmayman, juda qo‘rqyapman”, deb O‘zbekistonga qaytgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiyaning Balikesir viloyatidan topilgan 46 yoshli Dilafro‘z Cho‘liyevaning jasadi O‘zbekistonga qaytarilgandi. Mazkur jinoyatni sodir etishda gumonlanib, 4 nafar shaxs qo‘lga olingan bo‘lib, hozirgi vaqtda tergov harakatlari davom etmoqda.
Oldinroq, Turkiyaning Istanbul shahri Shishli tumanida chiqindi yig‘uvchi tomonidan axlat konteyneridan o‘zbekistonlik Durdona Hakimovaning jasadi topilgani haqida xabar berilgan edi.
Keyinroq mazkur ish doirasida u o‘ldirilgan Umroniyadagi uyda yana bir o‘zbekistonlik ayol – Sayyora Ergashaliyeva ham bo‘laklab o‘ldirilgani aniqlandi.
Live
Barchasi