To‘y va oilaviy tadbirlarda ayrim marosimlar taqiqlanadi

Jamiyat

image

Endilikda O‘zbekistonda to‘ylar, oilaviy tantanalar, marosim va boshqa shu kabi tadbirlar belgilangan tartib asosida qat’iy nazoratga olinadi. Bu haqda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi xabar berdi.

Joriy yilning 16 sentyabr kuni qabul qilingan “Umumiy ovqatlanish korxonalarida hosil bo‘ladigan ozik-ovqat chiqindilaridan samarali foydalanish va ularning atrof-muhitga salbiy ta’sirini kamaytirish hamda ortiqcha isrofgarchiliklarning oldini olish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hukumat qaroriga ko‘ra, 2026-2030 yillar “Dolzarb oziq-ovqat xavfsizligi davri” deb e’lon qilinadi. Shu davrda aholiga yetarli miqdorda va sifatli oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berish hamda ortiqcha isrofgarchilikning oldini olish bo‘yicha tizimli choralar ko‘riladi.

Qaror bilan “Oqilona iste’mol” dasturini amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi. Unga muvofiq:

To‘ylar, oilaviy tantanalar, marosim va marosimlar 2019 yil 14 sentyabrda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Kengashi va Senat Kengashining qo‘shma qarori bilan tasdiqlangan nizom asosida o‘tkazilishi shart.

Ushbu nizomga ko‘ra, oilaviy tadbirlarda 200 nafargacha, shu munosabat bilan beriladigan osh marosimida esa 250 nafargacha ishtirokchi qatnashishi mumkin.

Qo‘shaloq to‘y va hasharlarda 250 nafargacha, unga bog‘liq osh marosimida esa 300 nafargacha mehmon bo‘lishi mumkin.

Nizomda, shuningdek, milliy an’analarga yot, odob-axloq qoidalariga zid bo‘lgan, ortiqcha vaqt va xarajat talab qiladigan qo‘shimcha rasm-rusum va shoularni o‘tkazishga ruxsat etilmaydi:

  • Jumladan, “Kuyov navkari”, “chorlar”, “ota ko‘rdi”, “sep yoydi”, “quda chaqirdi”, “kuyov chaqirdi”, “kelin chaqirdi”, “tog‘ora yuborish” kabi urf-odatlar;
  • Dafn va motam marosimlariga oid “yetti”, “payshanbalik”, “yakshanbalik”, “yigirma”, “qirq”, “hayit”, “yil oshi”, “pul tarqatish”, “mato ulashish” kabi ortiqcha tadbirlar ham taqiqlanadi.

Ma’lumot uchun, 2019 yilning 14 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Kengashi va Senat Kengashining “To‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar o‘tkazilishini tartibga solish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qo‘shma qarori qabul qilingan. Qaror bilan to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar o‘tkazilishini tartibga solish to‘g‘risidagi Nizom tasdiqlangan. Unda shuhratparastlik, dabdababozlik va isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslik haqida alohida band bor. Shunga qaramasdan, dabdabali to‘y qilish haligacha urfdan qolgani yo‘q va ayrim amaldorlarning o‘zi ham bunda “namuna” bo‘lib kelmoqda.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 21 aprel kuni qabul qilingan “Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini samarali tashkil etishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident farmonida O‘zbekistonda to‘ylarni tartibga solishni nazarda tutuvchi loyiha ishlab chiqilishi belgilangan edi.


Maqola muallifi

Teglar

hayit to'ylar oilaviy tantanalar quda chaqirdi chorlar tog'ora yuborish

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing