UEFA “Benfika”ni jazoladi

Sport

image

UEFA Portugaliyaning “Benfika” klubini Amsterdamda “Ayaks”ga qarshi bo‘lib o‘tgan safar uchrashuvida muxlislarning pirotexnika vositalarini ishlatishi tufayli jazoladi. Klubga navbatdagi Yevrokubok safar uchrashuvi uchun chiptalarni sotish taqiqlandi va 20 000 yevro miqdorida jarima solindi. Bu haqda “Footboom” nashri xabar berdi.

“Benfika” jamoasi 2025 yil 5 mart kuni muxlislari o‘z uyida “Barselona”ga qarshi o‘yinda shunday qoidabuzarlik qilgan va klub 35 000 yevro jarima to‘lagan edi. Oldingi jazolarga qaramay, “Benfika” muxlislari “Ayaks” bilan o‘yinda yana pirotexnika ishlatishdan o‘zini tiya olmadi. Natijada “Benfika” Yevropadagi navbatdagi safar o‘yini muxlislarning faol qo‘llab-quvvatlovisiz o‘tkazilishi kerak bo‘ladi. Endi jamoa 2026 yil 21 yanvarda Turinda “Yuventus”ga qarshi o‘yinda muxlislarsiz ishtirok etadi. 

UEFA shuningdek, “Benfika” muxlislari ikki yil davomida yana qoidalarni buzsa, qo‘shimcha jazo bilan duch kelishi belgilagan. 

Ma’lumot uchun, “Benfika” hozirda Chempionlar ligasida 30-o‘rinni egallab turibdi. Jamoa ortda qolgan 5 turdan so‘ng 3 ochko jamg‘argan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq UEFA joriy yilning oktyabr oyida Londonda “Arsenal”ga qarshi bo‘lib o‘tgan Chempionlar ligasi uchrashuvida “Atletiko Madrid” muxlislarining “irqchilik va kamsituvchi xatti-harakatlari” sabab klubga 30 ming yevro jarima qo‘llagan edi.


Maqola muallifi

Teglar

jarima UEFA “Ayaks” “Benfika”

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing