O‘qituvchilarga attestatsiyada yordam berayotgan bunker topildi
3-sahifa
−
20 noyabr 9163 2 daqiqa
Namangan shahrida ta’lim tizimida ishlovchi mansabdor shaxslar tomonidan tashkil qilingan bunker fosh etildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Namangan viloyatining Davlatobod tumanidagi maktabning direktor o‘rinbosari, Namangan davlat texnika universiteti bo‘lim boshlig‘i hamda ushbu bo‘lim mutaxassisi va boshqalar o‘zaro til biriktirib, malaka toifalarini belgilash uchun o‘tkazilgan attestatsiya imtihonlari doirasida test sinovlarini topshirishida o‘qituvchilarga moddiy manfaat evaziga bunker orqali masofadan turib yordam bergani aniqlangan.
O‘tkazilgan tezkor tadbirda bunker sifatida foydalanilayotgan xonadon ko‘zdan kechirildi. Natijada, ushbu manzilda test savollarini yechishga jalb qilingan 12 nafar o‘qituvchi borligi aniqlanib, noutbuk, 30 dona har xil turdagi eshitish moslamasi va yashirin kameralar, 8 dona Wi-Fi router va boshqa buyumlar ashyoviy dalil sifatida olindi.
Tergovga qadar tekshiruv tadbirlari davomida maktab direktorining o‘rinbosari va boshqalar imtihon natijalarini ijobiy hal qilib berishga ishontirgan holda, viloyatdagi o‘qituvchilarning ma’lum bir qismidan 1300-1500 dollardan talab qilib, joriy yil sentyabr-oktyabr oylarining o‘zida 25 ming dollar miqdorida pul mablag‘i yig‘ib olishgan.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksning 168-moddasi (firibgarlik) uchinchi qismi “b” bandi va 28, 211-moddasi (pora berish) ikkinchi qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
DXXning yozishicha, Davlatobod tumanidagi maktab direktori o‘rinbosari hamda bunkerni boshqarayotgan, 2001 yilda tug‘ilgan fuqaro muqaddam aynan shunday jinoyat sodir etgani uchun javobgarlikka tortilgan shaxslar hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jizzax viloyatida 47 yoshli maktab o‘qituvchisi giyohvand moddalar sotayotganda qo‘lga olingandi.
Live
Barchasi