Ukraina ilk bor Rossiyaning neft koniga zarba berdi

Olam

image

Ukraina Rossiyaning nafaqat neftni qayta ishlash, balki uni qazib olish bilan shug‘ullanuvchi energetika ob’ektlarini ham nishonga ola boshladi. Xususan, dronlar Kaspiy dengizi shelfida joylashgan “Lukoyl” platformasiga zarba bergan. Bu haqda vaziyatdan xabardor manbaga tayanib, bugun, 11 dekabr kuni “Bloomberg” xabar berdi.

Manbaga ko‘ra, uzoq masofaga uchuvchi dronlar Filanovskiy nomidagi kon hududida ishlayotgan platformaga kamida to‘rt marta zarba bergan. Bu “Lukoyl”ning Rossiyaga tegishli Kaspiy dengizidagi eng yirik neft koni hisoblanadi. Konning zaxiralari katta (qariyb 129 mln tonna neft), qazib olish bir nechta platformalarda amalga oshiriladi va neft Kaspiy quvur konsorsiumi orqali eksport qilinadi.

“Bloomberg” manbasining ma’lum qilishicha, hujum oqibatida konning 20 dan ortiq qudug‘ida qazib olish to‘xtatilgan. Agentlik bu ma’lumotni mustaqil tasdiqlay olmagan, “Lukoyl” esa izoh berish bo‘yicha so‘rovga javob qaytarmagan.

Qayd etish joiz, Ukraina Rossiyaning neft sanoatiga qarshi harbiy kampaniyasini kengaytirmoqda. Joriy yilning avgust oyidan beri neftni qayta ishlash zavodlari muntazam ravishda dron hujumlariga uchramoqda. Yaqinda port infratuzilmasiga qaratilgan zarbalar ham ularga qo‘shilgan. Vortexa ma’lumotlariga ko‘ra, ana shu hujumlar tufayli noyabr oyida o‘rtacha kunlik neft mahsulotlari eksporti 2 mln barrelni tashkil etgan – bu 2016-2024 yillardagi shu oy uchun o‘rtacha ko‘rsatkichdan 21 foiz kam.

UBS’ning neft bo‘yicha tahlilchisi Jovanni Staunovoning aytishicha, Kiyev zarbalarni qayta ishlash korxonalaridan eksport ob’ektlariga ko‘chirmoqda. Agar bunday hujumlar davom etsa, ular Rossiyaga uzoq muddatli zarar yetkazishi mumkin.

Shuningdek, Rossiyadan neft mahsulotlari tashiydigan “soya floti” tankerlariga nisbatan ham “ov” olib borilmoqda. So‘nggi marta Qora dengizda g‘arb sanksiyalari ostidagi Dashan kemasi dengiz dronlari hujumiga uchradi.

“Lukoyl” ma’lumotlariga ko‘ra, Kaspiy dengizining Rossiya qismida joylashgan Filanovskiy konining loyihaviy quvvati yiliga 6 mln tonna (kuniga taxminan 120 000 barrel)ni tashkil qiladi. O‘tgan yili “Lukoyl” Rossiyada qariyb 76,5 mln tonna xom neft va kondensat ishlab chiqargan. Shu sababli, Filanovskiy koni kompaniyaning ichki bozordagi umumiy qazib olish hajmining 8 foizidan kamiga to‘g‘ri keladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukraina dronlari Chechenistonning Grozniy shahridagi biznes-markazga zarba bergani haqida xabar qilingan edi. Zarba binoning o‘rta qismiga berilgan – bu yerda vazirliklar, mintaqaviy idoralar, Saylov komissiyasi, Ombudsman idorasi va neft sohasi bilan bog‘liq tashkilotlar joylashgan.


Maqola muallifi

Teglar

neft' Ukraina Lukoyl

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing