Ukraina Leningradga hujum qildi. Ust-Luga porti zararlandi
Olam
−
31 mart 5611 1 daqiqa
Bugun, 31 martga o‘tar kechasi Ukraina dronlari Leningrad viloyatiga zarba berdi. Mahalliy vaqt bilan soat 06:00 holatiga ko‘ra, mintaqa uzra 38 ta dron urib tushirilgan. Bu haqda viloyat gubernatori Aleksandr Drozdenko o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.
“Ust-Luga portida shikastlanishlar bor”, deb yozdi Drozdenko tafsilotlarga to‘xtalmay.
Leningrad viloyati rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Kirov tumanidagi Molodsovo posyolkasida dron qoldiqlari tushishi oqibatida “uchta turarjoy binosidagi (jami 30 tagacha xonadon) oynalar, o‘rta maktabning ikkita xonasi va kapital ta’mirlanayotgan Ijtimoiy himoya markazi binosi shikastlangan”, shuningdek, garajlar va qozonxonada yong‘in chiqqan.
Uning aytishicha, uch nafar mahalliy turg‘unga, jumladan, ikki nafar bolaga tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Drozdenko ularning shifoxonaga yotqizilishiga hojat qolmaganini bildirgan.
Dronlar hujumi sababli Pulkovo aeroporti taxminan soat 23:00 dan 06:00 gacha reyslarni qabul qilmagan va jo‘natmagan. “Fontanka” nashrining yozishicha, kamida 20 ta reys bekor qilingan, yana 30 dan ortig‘i kechiktirilgan.
Ukraina harbiylari bir haftadan ortiq vaqtdan beri Leningrad viloyatiga dronlar bilan hujum qilmoqda. Zarbalar, jumladan, Rossiya neft eksporti uchun muhim transport bog‘lamasi bo‘lgan Ust-Luga portiga qaratilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Vladimir Zelenskiy Ukraina Pasxa bayrami kunlarida o‘t ochishni to‘xtatishga va energetika sohasida sulh tuzishga tayyor ekanini aytgan edi.
Live
Barchasi