Uy uchun to‘lovlarni olib, firibgarlik qilgan shaxslar qidiruvga berildi

3-sahifa

image

Toshkent shahar IIBBga bir nechta fuqarolar ariza bilan murojaat qilib, yangi qurilayotgan ko‘p qavatli uylardagi xonadonlar uchun to‘lovni amalga oshirgani, biroq MCHJ tomonidan shu kunga qadar xonadonlar topshirilmagani sababli ularga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan. Bu haqda IIBB matbuot xizmati xabar berdi.

O‘tkazilgan tekshiruv jarayonida aniqlanishicha, 1977 yilda tug‘ilgan Obid Aripovich Sharipov “MAX-HOUSE-GROUP” MCHJni tashkil qilib, o‘zining sheriklari 1982 yilda tug‘ilgan Axtam Axmadovich Osimov va 1989 yilda tug‘ilgan Azizbek Alijonovich Samandarovlar bilan birga bir nechta fuqarolarga nisbatan firibgarlik sodir etgan.

Bildirilishicha,  Sharipov MCHJ nomidan Uchtepa va Chilonzor tumanlarida qurilayotgan ko‘p qavatli uylardagi xonadonlarni sotishini ma’lum qilib, fuqarolardan xonadonlar uchun to‘lovlarni qabul qilib olgan. 

“Vaholanki, ushbu ko‘p qavatli uylar qurilishi uchun hech bir mutasaddi tashkilotlardan ruxsat olmasdan va uy qurishga kerakli biron-bir hujjatlarga ega bo‘lmasdan, kadastr hujjatlari yo‘q bo‘lgan xonadonlarni fuqarolarga sotishini bildirib, aldov yo‘li bilan juda ko‘p miqdordagi pullarni o‘zlashtirib olishgan”, deyiladi xabarda.

Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi ("Firibgarlik") bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov jarayonida Sharipovga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan. Gumonlanuvchilar Samandarov va Osimovlar tergovdan qochib yashiringanligi sababli, ular qidiruvga berilgan. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.

“Agar siz ushbu shaxslardan jabr ko‘rgan bo‘lsangiz yoki qidiruvdagi shaxslarning qayerda ekanligi haqida biror ma’lumotga ega bo‘lsangiz, Toshkent shahar IIBBning 71-206-42-28, 71-206-49-46 yoki 102 raqamlariga murojaat qilishingizni so‘raymiz”, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Toshkent shahrida 40 yoshli ayol firibgarlik yo‘li bilan 83 kishining nomiga kredit evaziga mahsulotlarni xarid qilgani ma’lum bo‘lgan va u 5 yilu 2 oyga ozodlikdan mahrum qilingandi.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent Firibgarlik uy xonadon

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing