Uyidan 13 tonna oltin topilgan mulozim o‘limga hukm qilindi (video)
Olam
−
03 yanvar 17395 1 daqiqa
Xitoyda Xaynan provinsiyasi markazi Xaykou shahrining sobiq meri va yuqori martabali partiya amaldori Chjan Si korrupsiya, mablag‘larni talon-toroj qilish va mansab vakolatlarini suiiste’mol qilish ayblovlari bilan o‘lim jazosiga hukm qilindi. Bu haqda bugun, 3 yanvar kuni “Asianetnews” xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2019 yilning kuzida uning uyining yerto‘lasidan 13,5 tonna oltin quymalari topilib, musodara qilingan. Tintuvlar chog‘ida oltindan tashqari 23 tonna naqd pul ham topilib, ularning umumiy qiymati 286 milliard yuan deb baholangan. Shuningdek, sobiq amaldorning Xitoydan tashqarida joylashgan hashamatli ko‘chmas mulklari va qimmat avtomobillar bilan to‘la garaji aniqlangan.
Olti yil davom etgan tergov jarayonida Chjan Si davlat shartnomalarini tuzish va yer uchastkalari bo‘yicha bitimlarni o‘tkazishda ko‘maklashish evaziga muntazam ravishda yirik miqdorda pora olib kelgani aniqlangan. Yig‘ilgan dalillar asosida sud ayblov hukmini chiqargan va eng oliy jazo – o‘lim jazosini tayinlagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoyda Van Bo ismli mansabdor poraxo‘rlikda ayblanib, o‘limga hukm qilingandi. U Ichki Mo‘g‘uliston muxtor viloyati Xalq Kongressi Doimiy qo‘mitasi raisining sobiq o‘rinbosari bo‘lgan. Bo umrbod siyosiy huquqlaridan mahrum qilingan va uning barcha shaxsiy mol-mulki musodara qilingan.