O‘zbek ilm-fani og‘ir judolikka uchradi
Jamiyat
−
17 fevral 19647 2 daqiqa
Butun hayoti va mehnat faoliyatini O‘zbekiston ta’lim sohasi taraqqiyotiga bag‘ishlagan fidoyi ustoz, qishloq xo‘jaligi fanlari nomzodi, oliy ta’lim a’lochisi Karim Oybekovich Egamqulov shu yil 14 fevral kuni 87 yoshida vafot etdi. Bu haqda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi.
Karim Egamqulov 1939 yil 5 mayda Sirdaryo viloyatining Guliston tumanida tug‘ilgan. 1964 yilda Toshkent davlat pedagogika instituti (hozirgi Nizomiy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti)ni tugatib, shu dargohda katta laborant bo‘lib ish boshlagan. So‘ngra ushbu institut aspiranturasida tahsil olgan va nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan.
1969–1972 yillarda Sirdaryo viloyati “Bilim” jamiyati mas’ul kotibi sifatida ishlab, xalqqa ziyo va ma’rifat ulashishga munosib hissa qo‘shgan.
1972–1975 yillarda Sirdaryo davlat pedagogika instituti prorektori vazifasida samarali faoliyat yuritib, o‘zining yetakchilik salohiyatini, tashkilotchilik va tashabbuskorlik fazilatlarini namoyon etgan.
1975–1987 yillarda Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalashtirish muhandislari institutining Yangiyer filiali direktori lavozimida xizmat qilib, O‘zbekistonda soha uchun yuqori malakali kadrlarni tayyorlash ishlarida fidoyilik ko‘rsatib mehnat qilgan.
Karim Egamqulov ilmni amaliyot bilan bog‘lab, xususan, qishloq va suv xo‘jaligi ta’limini va amaliyotini rivojlantirish borasida o‘ziga xos tajriba maktabini yaratgan.
Irrigatsiya va qishloq xo‘jaligi sohasiga oid 20 dan ortiq o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar va darsliklar muallifi sifatida tanilgan tajribali va ilg‘or pedagog Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalashtirish muhandislari institutining malaka oshirish fakulteti dekani, tuproqshunoslik kafedrasi mudiri, Sirdaryo viloyati hisobchilarni qayta tayyorlash o‘quv markazi direktori vazifalarida ham samarali mehnat qilib, O‘zbekiston irrigatsiya va qishloq xo‘jaligi sohasi vakillarining amaliy bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlash, ularni zamonaviy ilm-fan yutuqlari bilan tanishtirish ishlarini samarali tashkil etgan.
So‘nggi yillarda ulug‘ yoshda bo‘lishiga qaramasdan, fidoyi jamoatchi, katta hayot tajribasiga ega oqsoqol sifatida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, qishloq va mahallalarni obod etish, aholi turmush sharoitini yaxshilashga qaratilgan ezgu ishlar samarasini targ‘ib qilib kelgan.
“Yuksak salohiyatli olim, yoshlarning mehribon ustozi, kamtarin inson Karim Egamqulovning xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi”, deyiladi ta’ziyanomada.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Prezident huzuridagi Qonunchilik va huquqiy siyosat instituti direktori, senator Mir-Akbar Xoji-Akbarovich Rahmonqulov 74 yoshida vafot etgan edi.
Live
Barchasi