O‘zbek o‘g‘li yozgan Turkiyaning Istiqlol marshi 105 yoshga to‘ldi
Bu qiziq
−
12 mart 17444 5 daqiqa
Bugun, 12 mart Turkiyaning madhiyasi – Istiqlol marshi qabul qilinganiga 105 yil to‘ldi. Madhiya Mehmet Okif Ersoy tomonidan qahramon turk armiyasiga bag‘ishlab yozilgan va turk xalqining mustaqillik ramzi hisoblanadi. Istiqlol marshi bundan 105 yil avval – 1921 yilda Turkiya Buyuk Millat Majlisida milliy madhiya sifatida qabul qilingan.
Milliy madhiyaning qabul qilinishi
Turkiya Buyuk Millat Majlisi tashkil etilganidan bir yil o‘tib, mamlakat uchun milliy madhiyaga ehtiyoj sezilgan. Shu sababli mamlakatda 500 lira (hozirda taxminan 38,3 milliard lira) mukofotli she’r tanlovi e’lon qilingan.
O‘sha davrda Maorif vaziri bo‘lgan Rizo Nur tanlovni tashkil etgan. U nafaqat madhiyaning so‘zlari uchun 500 lira, balki keyinchalik yoziladigan kuy uchun ham yana 500 lira mukofot belgilagan. Tanlov haqida butun mamlakat bo‘ylab gazetalar orqali xabar berilgach, 6 oy ichida 724 ta she’r yuborilgan.
Turkiya Buyuk Millat Majlisi (TBMM) tomonidan e’lon qilingan tanlov matnining mazmuni quyidagicha edi:
“Shoirlar diqqatiga! Millatimizning ichki va tashqi mustaqillik uchun olib borayotgan kurashini ifoda etuvchi bir Istiqlol marshini yozish uchun Maorif vazirligi tomonidan tanlov e’lon qilindi. Tanlov 23 dekabrgacha davom etadi. Yuborilgan asarlar adabiy hay’at tomonidan ko‘rib chiqiladi. Tanlangan she’r muallifiga 500 lira mukofot beriladi. Shuningdek, madhiyaning kuyi uchun ham keyinchalik kamida 500 lira mukofotli alohida tanlov o‘tkaziladi. Arizalar Anqaradagi TBMM Maorif vazirligiga yuboriladi”.
Mehmet Okif Ersoy tanlovda qatnashishi
724 ta she’rni baholash uchun Maorif vazirligi maxsus komissiya tuzgan. Komissiya barcha she’rlarni o‘qib chiqib, 6 tasini saralab olgan. Ammo tanlovda pul mukofoti qo‘yilgani sababli Burdur shahri deputati Mehmet Okif dastlab tanlovda qatnashishni istamagan.
Keyinchalik uning yaqin do‘sti Hamidulloh Subhi Tanrio‘ver iltimos qilib, uni ko‘ndirgan. Shundan so‘ng Mehmet Okif Anqaradagi Tojiddin Dargohida turib, turk armiyasiga bag‘ishlangan mashhur she’rini yozdi.
Hamidulloh Subhi Ersoyni ko‘ndirish uchun unga quyidagi mazmunda xat yozgan:
“Aziz va muhtaram taqsirim! Istiqlol marshi uchun e’lon qilingan tanlovda ishtirok etmasliklaringizga sabab bo‘lgan holatlarni bartaraf etish uchun, albatta, ko‘plab choralar topish mumkin. Biroq biz kutayotgan o‘sha she’rning aynan siz – zoti ustod tomonidan yaratilishi maqsadimizga erishish yo‘lida qolgan eng so‘nggi va eng umidli choradir.
Agar sizni tashvishga solayotgan qandaydir masalalar bo‘lsa, ularning barchasini bartaraf etishga tayyormiz. Sizdan iltimosimiz shuki, Vatanimizni jasorat uyg‘otadigan va xalqning ruhini yuksaltiradigan bu ta’sirli vositadan mahrum qoldirmang.
Shu fursatdan foydalanib, sizga bo‘lgan eng chuqur hurmat va samimiy muhabbatimni yana bir bor izhor etaman”, deyiladi maktubda.
Shundan so‘ng, 1921 yil 12 mart kuni TBMM yig‘ilishida Mehmet Okif Ersoy yozgan she’r katta olqishlar bilan Turkiya milliy madhiyasi sifatida qabul qilingan.
Majlisda madhiyani birinchi bo‘lib o‘qigan shaxs ham Mehmet Okifning do‘sti Hamidulloh Subhi bo‘lgan.
Ersoy mukofot sifatida ajratilgan 500 lirani o‘zi olmay, ayollar va bolalarga kasb o‘rgatuvchi Dorul Mesai jamg‘armasiga xayriya qilgan.
Madhiyaning kuyini tanlash
Madhiyaning kuyini yozish uchun o‘tkazilgan tanlovda 24 nafar bastakor qatnashgan. 1924 yilda tanlov hay’ati Ali Rufat Chig‘atoy bastasini qabul qilgan. Ushbu asar 1930 yilgacha chalinsa-da, 1930 yilda o‘zgartirilib, o‘sha davrning Usmon Zaki Ungo‘r boshchiligidagi Respublika Semfonik Orkestri tomonidan 1922 yilda tayyorlangan hozirgi ijrosi amaliyotga kiritilgan. Marsh jami to‘qqiz band va bir beshlikdan iborat bo‘lib, uning ohangini Edgar Manas, Ehsan Sarvat Kuncher orkestr uchun moslashtirgan.
Bugungi kunda rasmiy marosimlarda faqat madhiyaning birinchi ikki bandi kuy bilan ijro etiladi.
Mehmet Okif Ersoy haqida
Mehmet Okif Ersoy 1873 yil dekabrida tug‘ilgan (ba’zi manbalarga ko‘ra Istanbulning Fotih tumani, boshqa manbalarda esa Chanoqqal’a Bayramich deya keltiriladi). U ilk she’rlarini maktab yillaridayoq yozishni boshlagan.
Otasi 1888 yilda vafot etgach, moddiy qiyinchiliklar sabab Mulkiya maktabini tark etib, ishga tez joylashish imkonini beradigan Halqali Baytar veterinariya maktabida o‘qigan. Mehmet Okif Ersoyning onasi – Omina Sharif xonim asli kelib chiqishiga ko‘ra buxorolik bo‘lgan. Uning oilasi Buxorodan Turkiyaga ko‘chib borib, Tokat shahriga o‘rnashib qolgan.
1898 yilda Ismat Xonim bilan oila qurgan va ularning uch qiz, uch o‘g‘il farzandi dunyoga kelgan.
Uning mashhur kitoblari – “Safohat” 1911 yilda, “Sulaymoniya kursisida” 1912 yilda, “Haqning saslari” 1913 yilda, “Fotih kursisida” 1913 yilda, “Xotiralar” 1917 yilda nashr qilingan.
Qizig‘i shundaki, Istiqlol marshini u Safohat kitobiga kiritmagan, chunki uni butun turk xalqining asari deb hisoblagan.
Mustaqillik urushi davri
Birinchi Jahon urushi boshlangach, Mehmet Okif maqolalar va she’rlari bilan xalqni ruhlantirishga harakat qilgan. Bu maqsadda musulmonlarni bitta bayroq ostida birlashtirish va turklar orasida siyosiy birlikni ta’minlaydigan panturkizm maqsadini amalga oshirish uchun tashkil etilgan “Tashkilotu maxsusa”ga ham qo‘shilgan.
Turk milliy shoiri Mehmet Okif Ersoy, Istiqlol marshi kabi 10 to‘rtlikdan iborat bo‘lgan “Jang marshi” asarini 1912 yilda “Sabil-ur-rashod” jurnalida nomsiz ravishda chop ettirgan. Shu bilan birga, u odamlarning qayg‘usini yengillashtirish, xalqni birlikka chaqirish va askarlarga ma’naviy yordam berish maqsadida masjidlarda va’zlar ham o‘qigan.
1914 yilda esa Mehmet Okif ingliz va fransuzlarning mustamlakalaridan chaqirilgan musulmon askarlarga nisbatan amalga oshirilgan propagandaga qarshi propaganda qilish maqsadida Berlinga yuborilgan. Uning asosiy vazifasi bexosdan Usmoniylarga qarshi urushayotgan bu musulmon askarlarni to‘g‘ri xabardor qilish va ularni ma’rifatlantirish edi.
Anqara davri
1920 yil 23 aprel kuni Turkiya Buyuk Millat Majlisi ochilgach, Mustafo Kamol Otaturk taklifi bilan Mehmet Okif Anqaraga kelgan va “Sabil-ur-rashod” jurnalini shu yerda chiqarishni boshlagan.
Uning xalq oldidagi nutqlari gazetalar orqali tarqatilib, jang maydonidagi askarlar va xalqni ruhlantirishga xizmat qilgan. Mehmet Okif 1926 yilda oilasi bilan Misrga ko‘chib o‘tgan. U yerda Misr universitetida turk tilidan dars bergan. 1935 yilda og‘ir xastalikka chalinib, vatan sog‘inchi bilan 1936 yilda Istanbulga qaytgan.
Shoirning vafoti
Buyuk shoir 1936 yil 27 dekabrda Istanbuldagi uyida vafot etgan. Uning tobuti Turkiya bayrog‘iga o‘ralgan holda va Edirnekapi qabristoniga dafn qilingan.
Live
Barchasi