“Uzbekistan Airports” varrak uchirayotganlarga ogohlantirish bilan chiqdi (video)

Jamiyat

image

Aeroportlar yaqinida varrak uchirish parvozlar xavfsizligiga jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin. Bu haqda “Uzbekistan Airports” ogohlantirish bilan chiqdi.

Qayd etilishicha, varraklar balandga ko‘tarilishi va samolyotlarning uchish va qo‘nish yo‘llariga tushib qolishi mumkin. Bu samolyot bilan to‘qnashish, texnikaga shikast yetishi va favqulodda holatlar yuzaga kelishi xavfini tug‘diradi. Bundan tashqari, mustahkam yoki kuchaytirilgan iplar havo kemalari uskunalariga zarar yetkazishi yoki dvigatellarga tushib qolishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Havo kodeksining 17-moddasiga muvofiq, parvozlar xavfsizligiga tahdid soladigan faoliyat turlariga aeroport va uning oldidagi hududlarda varrak uchirish ham kiradi. Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 116-2-moddasiga ko‘ra, havo hududidan ruxsatsiz foydalanish BHMning 20 baravaridan 100 baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki 15 sutkagacha muddatga qamoqqa olishga sabab bo‘ladi. 

“Aviatsiya hodisasi yoki falokat yuz berganda esa oddiy sho‘xlik jinoiy javobgarlikka olib kelishi mumkin”, deyiladi xabarda.

Poytaxt aholisi va mehmonlaridan o‘rnatilgan cheklovlarga tushunish bilan qarash hamda varrak uchirish uchun aeroportdan uzoqroq bo‘lgan xavfsiz joylarni tanlash so‘raladi.


Maqola muallifi

Teglar

parvoz Uzbekistan Airports xavf varrak

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing