O‘zbekiston va Afg‘oniston energetika bo‘yicha 243 mln dollarlik shartnoma imzoladi
Olam
−
18 avgust 4994 2 daqiqa
Afg‘onistondagi “Da Afghanistan Breshna Sherkat” (DABS) va O‘zbekiston Energetika vazirligi o‘rtasida elektr uzatish va podstansiyalar qurish bo‘yicha umumiy qiymati 243 million dollarlik to‘rtta kelishuv imzolandi. Bu haqda DABS'ning ijtiomiy tarmoqdagi sahifasida ma’lum qilindi.
Afg‘onistonda elektr energiyasining eng muhim xizmatlarini ko‘rsatish va ularni iste’molchilarga yetkazib berish maqsadida quyidagi yirik loyihalar bo‘yicha shartnomalar imzolandi:
- Quvvati 1000 megavatt bo‘lgan 500 kilovoltlik Surxondan Dasht-Alvongacha bo‘lgan elektr uzatish liniyasini uzaytirish.
- Quvvati 800 megavolt-amper (MVA) bo‘lgan Arg‘andeh podstansiyasini kengaytirish.
- Nangarhor viloyatida Shayx Mesri podstansiyasi qurilishi.
- 220 kilovoltlik Qobul-Nangarhor (Shayx Mesri) elektr uzatish liniyasini kengaytirish.
Ushbu yirik loyihalarni imzolash marosimida Afg‘onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumati bosh vazirining iqtisodiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Mulla Abdul G‘ani Barodar, Davlat korporatsiyalari bosh boshqarmasi boshlig‘i Mavlaviy Ahmad Jon Bilol, boshqa qator rasmiylar, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Marosim davomida DABS bosh ijrochi direktori Abdul Bari Umar to‘rtta kelishuvni mamlakatda ishonchli elektr ta’minoti xizmatlarini ta’minlash uchun muhim deb ta’rifladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu loyihalar savdo, sanoat va qishloq xo‘jaligi sohalarini rivojlantirishga yordam beradi va pirovardida muhim milliy taraqqiyotga yo‘l ochadi.
Xuddi shunday, O‘zbekiston Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov o‘z nutqida ushbu yirik loyihalar ikki do‘st xalq rahbarlarining mustahkam qo‘shma hamkorligi va uzluksiz sa’y-harakatlari samarasi ekanini ta’kidlagan. U yangi imzolangan loyihalarni amalga oshirishda ikki tomon hamjihatlikda ish olib borishini bildirgan.

Ayni shu marosimda DABS va O‘zbekiston kompaniyalari o‘rtasida o‘n yil muddatga elektr energiyasini xarid qilish bo‘yicha shartnoma imzolangan.
Live
Barchasi