O‘zbekiston AQSHdan paxta sotib olmoqchi. Nega?
Jamiyat
−
14 avgust 15761 6 daqiqa
An’anaviy paxta eksportchisi bo‘lib kelgan O‘zbekiston o‘zining yirik ishlab chiqarish hajmlariga qaramay, AQSHdan paxta xarid qilishni rejalashtirmoqda. Bundan O‘zbekiston to‘qimachilik mahsulotlarining jahonning premium bozorlaridagi mavqeini mustahkamlash ko‘zlangan. Bu haqda O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi Tashqi savdo departamenti rahbari Inomjon Abdurahmonov ma’lum qildi.
Uning aytishicha, O‘zbekiston to‘qimachilik sanoati AQSH va Yevropa Ittifoqining premium bozorlarida o‘z o‘rnini mustahkamlashi lozim. Bu bozorlarda yuqori sifat standartlari, xomashyoning kelib chiqishini kuzatish imkoniyati (traceability) va ishlab chiqarishning ekologik barqarorligi muhim ahamiyatga ega. Bunday global brendlar talablariga mos kelish uchun faqat ichki imkoniyatlar yetarli bo‘lmasligi mumkin. Shu sababli maxsus navli paxtani import qilish zarurati yuzaga kelgan.
“Import – mahalliy ishlab chiqarish o‘rnini bosish uchun emas, balki qo‘shimcha imkoniyatlar ochish uchun”, deydi vazirlik vakili.
Inomjon Abdurahmonovning ma’lum qilishicha, import hech qachon mahalliy xomashyoni almashtirish uchun mo‘ljallanmagan. Aksincha, u faqat aniq buyurtmalarni bajarish uchun kerak bo‘ladigan joylarda uni to‘ldiradi. O‘zbekiston har yili 1-1,15 million tonna paxta tolasi ishlab chiqaradi va bu hajmning barchasi allaqachon mahalliy fabrikalarda qayta ishlanadi. Boshqacha aytganda, mahalliy paxta to‘liq ichki ehtiyoj uchun ishlatilmoqda.
“Import qilinadigan paxta faqat yuqori sifat va sertifikatlashning xalqaro standartlari talab qilinadigan ishlab chiqarish liniyalari va shartnomalarga yo‘naltiriladi. Shunday qilib, tashqi bozordan paxta xaridi mahalliy fermerlarga raqobat tug‘dirmaydi (ularning mahsuloti allaqachon to‘liq iste’mol qilinmoqda), balki sifatning yangi bosqichiga chiqish uchun maqsadli vosita bo‘lib xizmat qiladi”, deydi Tashqi savdo departamenti rahbari.
Shuningdek, u yetakchi to‘qimachilik davlatlari, xususan, Turkiya, Bangladesh, Vetnam, Hindiston, Indoneziya, Kambodja, Meksika va hatto Xitoy har yili AQSH, Braziliya, Avstraliya va Afrika davlatlaridan katta hajmda paxta import qilishini qo‘shimcha qilgan.
“Nega ular bunday qiladilar? Javob juda oddiy: o‘z yengil sanoatini global mijozlar talablariga javob beradigan sifatli xomashyo bilan ta’minlash uchun.
Masalan, Turkiya katta paxta ishlab chiqaruvchisi bo‘lishiga qaramay, yuqori sifatli tolani baribir chetdan sotib oladi. Bu esa turk fabrikalariga Yevropaning moda gigantlari bilan barqaror hamkorlik qilish imkonini beradi. Bangladesh esa deyarli paxta yetishtirmaydi, ammo butunlay import xomashyoga tayanib, dunyoda kiyim-kechak eksporti bo‘yicha ikkinchi o‘rinda turadi. Vetnam import paxtasi tufayli AQSH bozoriga eng yirik besh to‘qimachilik yetkazib beruvchidan biriga aylandi, Turkiya esa Yevropa Ittifoqining tikuv mahsulotlari bo‘yicha asosiy hamkorlaridan biri sifatida o‘z o‘rnini mustahkamlab oldi. Bu misollar shuni ko‘rsatadiki, global moda bozorida muvaffaqiyat qozonish uchun mamlakat butun paxtani o‘zi ishlab chiqarishi shart emas. Eng muhimi – yakuniy buyurtmachiga talab qilingan sifat va yetkazib berish ishonchliligini taqdim eta olishdir, hatto buning uchun xomashyoning bir qismini tashqi bozordan xarid qilishga to‘g‘ri kelsa ham”, deydi Abdurahmonov.
Bildirilishicha, muayyan navli paxtani import qilish orqali ushbu davlatlar o‘z mahsulotlarini qo‘shimcha qiymat beradigan maxsus yorliqlar bilan belgilash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Jahon bozorining premium segmentlariga chiqish strategiyasi doirasida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan “Made with US Cotton” (“AQSH paxtasidan tayyorlangan”) tashabbusi xalqaro sifat talablari, kelib chiqishini kuzatish (traceability) va ekologik barqarorlik standartlariga mos mahsulot ishlab chiqarishga qaratilgan.
Inomjon Abdurahmonov nega aynan Amerika paxtasi sotib olinishiga ham izoh bergan. Uning bildrishicha, AQSHdan keladigan paxta tolasi barqaror yuqori sifati bilan mashhur bo‘lib, US Cotton Trust Protocol – yetkazib berish zanjirini standartlashtirish va kuzatishning zamonaviy tizimiga mos keladi. Sertifikatlangan amerika xom ashyosidan foydalanish yakuniy mahsulotni “Made with US Cotton” degan nufuzli yorliq bilan belgilash huquqini beradi. Bir qator yirik brendlar uchun bu shunchaki marketing emas, balki hamkorlikning majburiy shartidir. Masalan, Levi’s, Ralph Lauren, PVH, Puma, Gap, Tesco kabi kompaniyalar kolleksiyalarning bir qismi ushbu dasturga kiruvchi paxtadan tayyorlanishini talab qiladi.
Sotib olinadigan xomashyo dunyoga mashhur Strict Middling paxta navi hisoblanadi. Jahon bozorida bu navning ishonchli yetkazib beruvchilari sifatida AQSH, qisman Avstraliya va Braziliya tan olingan. Amerika paxtasini xarid qilish AQSH Qishloq xo‘jaligi vazirligining GSM-102 dasturi doirasida rejalashtirilmoqda. Bu kredit kafolatlari mexanizmi bo‘lib, unga ko‘ra o‘zbek korxonalari xomashyoni 12–18 oygacha to‘lovni kechiktirish sharti bilan olishi mumkin.
Mutaxassis yaqin yillarda O‘zbekistonda Strict Middling darajasiga erishish bir qator ob’ektiv sabablar tufayli qiyin ekanini aytgan.
“Birinchidan, butun tarmoq ehtiyojini faqat mahalliy xomashyo hisobidan qoplash uchun paxta ekiladigan maydonlarni keskin kengaytirish va hosildorlikni sezilarli oshirish zarur bo‘ladi. Bunday agrotexnologik o‘zgarishlar tez amalga oshirilmaydi – mutaxassislar bahosiga ko‘ra, bunga kamida 5 yil davomli tinimsiz mehnat kerak bo‘ladi. Ikkinchidan va eng asosiysi, Strict Middling navi faqat muayyan tabiiy-iqlim sharoitlarida va tolani qayta ishlash texnologiyalarida hosil bo‘ladi. Paxtaning sifati – uning uzunligi, mustahkamligi, bir xilligi va rangi – bevosita iqlimga, quyosh nuri miqdoriga va hosil pishish hamda yig‘im-terim davridagi namlik darajasiga bog‘liq. O‘zbekiston o‘rtacha navli paxta yetishtirish uchun qulay iqlimga ega, ammo eng yuqori nav uchun zarur bo‘lgan sharoitlarni tabiatan ta’minlash qiyin”, deydi Abdurahmonov.
Qayd etilishicha, elita amerika paxtasi oddiy xomashyoga qaraganda qimmatroq – uning narxi mahalliy paxtaga nisbatan qariyb 15–20% yuqori bo‘ladi.
“Agar “Made with US Cotton” yorlig‘iga ega o‘zbek mahsulotlari AQSH va Yevropa Ittifoqi do‘konlarida paydo bo‘lsa, bu boshqa global chakana savdo tarmoqlari va distribyutorlarning ishonchini oshiradi. Allaqachon GSP+ imtiyozlarini olish Yevropa Ittifoqi kabi murakkab bozorlar uchun O‘zbekiston to‘qimachilik eksportini oshirishga imkon berdi – qisqa vaqt ichida YeIga eksport hajmi taxminan 74 million dollardan 140 million dollarga o‘sdi. Amerika hamkorlari bilan ishlash esa AQSH bozoriga chiqishda ham xuddi shunday ijobiy natija berishi mumkin”, deydi vazirlik vakili.
Uning so‘zlariga ko‘ra, rejalashtirilgan paxta importini majburiy choradan ko‘ra rivojlanishning puxta o‘ylangan strategiyasi sifatida ko‘rish kerak. Bu orqali mamlakat to‘qimachilik sanoatini yangi bosqichga olib chiqish uchun zarur bo‘lgan resurslarga ega bo‘ladi – premium segmentlarga chiqish, texnologik darajani oshirish va qimmat buyurtmalarni jalb etish imkonini beradi.
“O‘zbekiston sifat va obro‘ga investitsiya qilmoqda – bu esa albatta o‘z samarasini beradigan sarmoyadir”, deydi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi Tashqi savdo departamenti rahbari.
Ma’lumot uchun, atining jadal o‘sishi 2017 yildan buyon paxta ipi ishlab chiqarish hajmi 412 ming tonnadan 970 ming tonnagacha, trikotaj mato ishlab chiqarish 68 ming tonnadan 312 ming tonnagacha, tayyor kiyim-kechak ishlab chiqarish esa 960 million donadan 3,1 milliard donagacha oshdi. Agar 2016 yilda O‘zbekiston to‘qimachilik mahsulotlari eksporti qariyb 1,1 milliard AQSH dollarini tashkil qilgan bo‘lsa, 2024 yilga kelib bu ko‘rsatkich 2,8 milliard dollarga yetdi.
Bugungi kunda O‘zbekistonda yetishtirilgan paxta hosilining barchasi mahalliy korxonalarda qayta ishlanib, paxta tolasi ichki qayta ishlash darajasi 100 foizga yetgan. O‘zbekiston to‘qimachilik fabrikalarining mahsulotlari hozirda 75 dan ortiq mamlakatga eksport qilinmoqda.