O‘zbekiston elchisi Rim papasiga ishonch yorliqlarini topshirdi
Jamiyat
−
09:51 1041 2 daqiqa
Vatikanning Havoriylar saroyida O‘zbekistonning Ispaniyadagi elchisi Farrux Tursunov Rim Papasi Lev XIVga ishonch yorliqlarini topshirdi. Bu haqda “Dunyo” xabar berdi.
Suhbat chog‘ida elchi O‘zbekistonda siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy sohalarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, demokratik institutlarni mustahkamlashga qaratilgan sa’y-harakatlar haqida to‘xtalib o‘tgan. O‘zbekiston Prezidenti nomidan Rim papasiga samimiy salom va eng ezgu tilaklarini yetkazgan.
Rim papasi Lev XIV O‘zbekiston Prezidenti va xalqiga chuqur hurmat-ehtiromini izhor etgan. U O‘zbekiston va Vatikan o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganidan buyon o‘tgan 33 yil davomida turli millat va din vakillari o‘rtasida do‘stlik va o‘zaro anglashuvni mustahkamlashga qaratilgan mustahkam hamkorlik salohiyati shakllanganini ta’kidlagan.
Shuningdek, u Samarqandning Sharq va G‘arb dunyosiga ta’sir ko‘rsatadigan falsafiy va diniy tafakkurning yirik markazi sifatidagi ahamiyatiga alohida e’tibor bergan. O‘zbekiston an’anaviy ravishda dinlararo totuvlik va bag‘rikenglik tamoyillarini ilgari surish tarafdori ekani, bu boradagi xalqaro tashabbuslarni faol qo‘llab-quvvatlayotgani ta’kidlangan.
Uchrashuv yakunida Rim papasi Lev XIV o‘zbek xalqining gullab-yashnashi uchun ibodat qilishini ta’kidlab, O‘zbekiston va Vatikan o‘rtasidagi do‘stlik va konstruktiv hamkorlik yanada mustahkamlanishini tilagan.
Ma’lumot uchun, Farrux Tursunov O‘zbekistonning Ispaniyadagi elchisi hisoblanadi. 2024 yil 9 aprel kuni diplomat Ispaniya Qiroli Filipp VIga ishonch yorliqlarini topshirgan.
Bundan tashqari, diplomat o‘rindoshlik asosida O‘zbekistonning Andorradagi elchisi hisoblanadi. 2025 yil 11 mart kuni u Andorra hamraisi, Fransiya Prezidenti Emmanuel Makronga ishonch yorliqlarini topshirgan.
Esvlatib o‘tamiz, O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva kecha, 11 dekabr kuni Shayx Zoid nomidagi “Insoniy birodarlik” mukofoti hay’ati yig‘ilishi doirasida Rim Papasi Lev XIV bilan uchrashgandi.
Live
Barchasi