O‘zbekiston kubogi finalchilari aniq bo‘ldi

Sport

image

Kecha, 25 sentyabr kuni O‘zbekiston kubogining yarim final bahslari bo‘lib o‘tdi. Murosasiz kechgan ikki o‘yin ham 120 daqiqa davom etdi.

“Buxoro” va “So‘g‘diyona” jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv dramatik tus oldi. Bahsning 16- daqiqasida Dominik Begich buxoroliklarni hisobda oldinga olib chiqqan bo‘lsa, 28-daqiqada Frane Ikich tablodagi farqni ikkitaga yetkazib qo‘ydi. O‘yinning 1-bo‘limi shu hisobda yakunlandi. 2-bo‘limda jizzaxliklar kambek amalga oshirdi. Dastlab, 72-daqiqada Jasur Jaloliddinov hisobdagi farqni qisqartirgan bo‘lsa, 89-daqiqada Filip Ivanovich muvozanatni tikladi. Jamoalar shu tariqa ekstra-taymlarga yo‘l oldi. Murosasiz kechgan o‘yinning 117-daqiqasida Nodir Ahmadjonov gol urib, “Buxoro” g‘alabasini ta’minladi. Yakunda ko‘hna shahar jamoasi o‘z tarixida ilk bor O‘zbekiston kubogi finaliga yo‘l oldi.

Ikkinchi yarim final bahsi poytaxtning “Paxtakor” va Samarqandning “Dinamo” jamoalari o‘rtasida bo‘lib o‘tdi. Ikki jamoa futbolchilari uchun ham og‘ir kechgan bahsda 120 daqiqa davomida hisob ochilmadi. O‘yin penaltilar seriyasigacha davom etdi. Seriyani “Dinamo” vakili Marko Stanoyevich boshlab berdi va darvoza to‘sinini poyladi. “Paxtakor” hujumchisi Igor Sergeyev esa zarbani aniq amalga oshirib, jamoasini oldinga olib chiqdi. Samarqandliklar safida Jumaboyev gol urib, jamoasiga umid bag‘ishladi. Shuningdek, Abdurauf Bo‘riyev “Paxtakor”ning navbatdagi imkoniyatini golga aylantirdi. Biroq Anvar Hojimirzayevning zarbasini darvozabon qaytardi va bu “Dinamo”ning seriyadagi oxirgi zarbasi bo‘ldi. “Sherlar”ning seriyadagi yakuniy zarbasini Hamdamov golga aylantirib, jamoasi uchun final yo‘llanmasini ta’minladi.

Endi O‘zbekiston kubogi finalida “Buxoro” va “Paxtakor” kuch sinashadi. Ushbu o‘yin Andijondagi “Bobur arena”da o‘tkaziladi.


Maqola muallifi

Teglar

Paxtakor Buxoro Dinamo O'zbekiston kubogi So'g'diyona

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing