O‘zbekiston Rossiya bilan o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazmaydi

Sport

image

O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov O‘zbekiston milliy terma jamoasi 2026 yilgi Jahon chempionati oldidan Rossiya terma jamoasiga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazishni rejalashtirmayotganini aytdi. Bu haqda Ermatov RIA Novosti agentligiga bergan intervyusida ma’lum qildi.  

Ma’lumki, O‘zbekiston terma jamoasi o‘z tarixida ilk bor Jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan. Qo‘shma Shtatlar, Kanada va Meksikada bo‘lib o‘tadigan mundialda Fabio Kannavaro shogirdlari Portugaliya va Kolumbiya terma jamoalariga qarshi bahs olib boradi. Guruhdagi uchinchi raqib esa Yangi Kaledoniya, Yamayka va Kongo Demokratik Respublikasi ishtirok etadigan qit’alararo pley-offning birinchi bosqichi yakunlariga ko‘ra aniqlanadi.

Jahon chempionati oldidan O‘zbekiston milliy terma jamoasi joriy yilning mart oyida FIFA Series doirasida ikkita o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushadi. Aprel oyidagi xalqaro tanaffus uchun esa hozircha aniq rejalar e’lon qilinmagan.

May oyida terma jamoa O‘zbekiston Superligasining yetakchi jamoalariga qarshi bir qator o‘rtoqlik uchrashuvlarini o‘tkazadi. Shundan so‘ng iyun oyida O‘zbekiston milliy terma jamoasi Jahon chempionati oldidan Kanada terma jamoasiga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushishi rejalashtirilgan.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston va Rossiya terma jamoalari shu kungacha bir marta o‘zaro to‘qnash kelgan. 2022 yil noyabr oyida Toshkentda o‘tkazilgan o‘rtoqlik uchrashuvi 0:0 hisobidagi durang bilan yakunlangan.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya O'zbekiston Ravshan Ermatov Jahon chempionati

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing