O‘zbekiston, Tojikiston va Qozog‘iston “Tojik dengizi” bo‘yicha gaplashib oldi

Olam

image

Joriy yilning 4 avgust kuni O‘zbekiston, Tojikiston va Qozog‘iston vakillari Tojikistonning Guliston shahrida uchrashib, Sirdaryo havzasidagi suv resurslaridan oqilona foydalanish masalalarini muhokama qildi. Bu haqda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Ijroiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, uchrashuvda Tojikiston Energetika vaziri Daler Juma, O‘zbekiston Suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Hamroyev va Qozog‘iston Suv resurslari vaziri Nurjan Nurjigitov ishtirok etgan.

Tomonlar “Tojik dengizi” suvomborining ishlash tartibi bo‘yicha uch tomonlama bayonnomaning ijrosini, shuningdek, suvdan foydalanish samaradorligini oshirish choralarini ham muhokama qilgan.

Uchrashuvda suv xavfsizligini ta’minlash maqsadida mintaqaviy hamkorlik va tajriba almashinuvini mustahkamlash zarurligi alohida ta’kidlangan.

Uchrashuvdan so‘ng vazirlar  “Tojik dengizi” (“Bahri Tojik”) suvomborini hamda Bobojon G‘ofurov tumanida joylashgan “Somgor-1” nasos stansiyasi faoliyati bilan tanishdi.

Ma’lumot uchun, “Tojik dengizi” Tojikistondagi eng yirik suv omborlaridan biri bo‘lib, u Tojikistonning So‘g‘d viloyati va sharqda kichik qismi O‘zbekistonning Farg‘ona viloyatida joylashgan. Suvombor Sirdaryo oqimini tartibga solish uchun qurilgan to‘g‘on va gidroelektr stansiyasidan hosil bo‘lgan. Suv bilan to‘ldirish 1950 yilda boshlangan.

Bugungi kunda bu baliq ovlash, suzish va quyoshda toblanish mumkin bo‘lgan mashhur yozgi ta’til joyidir. “Tojik dengizi” sohilida bir necha sanatoriy va pansionatlar mavjud bo‘lib, ularda So‘g‘d viloyati, respublika aholisi va tashrif buyurgan sayyohlar dam oladi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning may oyida Toshkentda bo‘lib o‘tgan uch tomonlama uchrashuvda Qozog‘iston, O‘zbekiston va Qirg‘iziston vakillari Sirdaryo daryosi bo‘yicha suv taqsimoti masalasini kelishib olgandi. Uchrashuv yakunida vegetatsiya davriga doir elektr energiyasi ob’ektlarining ishlash tartibi va daryodagi suv taqsimoti bo‘yicha protokol imzolangan edi.


Maqola muallifi

Teglar

suv resurslari Tojik dengizi Bahri Tojik

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing