O‘zbekistonda “10 ming qadam piyoda” tashabbusi tiklanadi
Jamiyat
−
23 mart 13113 2 daqiqa
O‘zbekistonda aholi orasida ekologik madaniyatni oshirish uchun “10 ming qadam piyoda” tashabbusini tiklash rejalashtirilmoqda. Bu haqda bugun, 23 mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev tanishgan ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida 2026-2030 yillarga mo‘ljallangan ustuvor umummilliy loyihalar yuzasidan taqdimotda so‘z boradi.
Qayd etilishicha, “Ekomadaniyat” umummilliy loyihasi doirasida ekologik ta’lim, ilm-fan va targ‘ibotni bir-biriga bog‘lagan holda yangi tizim yaratish rejalashtirilgan.
Mazkur sohada xalqaro standartlarga mos mutaxassislar yetishmayotgani, aholi o‘rtasida ekologik ong va barqaror odatlar hali yetarli darajada shakllanmagani, innovatsiya va iqlim texnologiyalarini amaliyotga joriy qila oladigan kadrlar taqchilligi mavjudligi qayd etilgan. Shu munosabat bilan 2026/2027 o‘quv yilidan boshlab 14 ta hududda “yashil texnikumlar” tashkil etilib, ular “Green University” tizimiga akademik hamkorlik asosida biriktiriladi.
Loyihaga ko‘ra, tayyorlanadigan o‘quvchi va talabalar soni yil sayin oshirilib, 2028-2029 o‘quv yiliga borib, 10 ming nafarga yetkaziladi. Bakalavriat va magistraturada atrof-muhit va barqaror boshqaruv, yashil iqtisodiyot, atrof-muhit muhandisligi, iqlim o‘zgarishi, cho‘llanishga qarshi kurashish, barqaror shaharsozlik, barqaror energiya almashinuvi kabi yangi yo‘nalishlar ochiladi. Ta’lim jarayonida dual tizim joriy qilinib, nazariy bilim bilan amaliyot uyg‘unlashtiriladi. Universitet ta’lim tizimini rivojlantirish, ilmiy-innovatsion loyihalar va targ‘ibot ishlari uchun katta miqdorda mablag‘ ajratish ko‘zda tutilgan.
Aholi orasida ekologik madaniyatni oshirish uchun “10 ming qadam piyoda” tashabbusini tiklash, “Sog‘lom turmush tarzi” platformasini ishga tushirish, shuningdek, Samarqand shahrida GEF-8 assambleyasi va “Eco Expo Central Asia 2026” xalqaro ko‘rgazmasini o‘tkazish rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, 2021 yilning 1 iyunida “Sog‘lom turmush tarzi” loyihasi doirasida O‘zbekistonda 10 ming qadam yurganlarga pul to‘lanishi boshlangan edi. Unga ko‘ra, mobil ilova avtomatik tarzda qadamlarni hisoblaydi. Nizomga muvofiq, O‘zbekiston hududida bir sutka davomida o‘n ming va undan ortiq qadam yurgan 18 va undan yuqori yoshdagi O‘zbekiston fuqarolarining platformadagi elektron hamyoniga 3 ming so‘mdan o‘tkazilgan. Loyiha 2022 yil 6 apreldagi PF-98-sonli Prezident farmoni bilan bekor qilingan.
Live
Barchasi