O‘zbekistonda 15 mingdan ortiq narkojinoyat fosh etildi

Jamiyat

image

2025 yilda O‘zbekistonda huquq-tartibot idoralari tomonidan 15 mingdan ziyod narkojinoyat fosh etildi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 20 aprel kuni “Jamoat salomatligi va xavfsizligini ta’minlash maqsadida transmilliy narkotahdidlarga qarshi kurashish” mavzusidagi xalqaro forum ishtirokchilariga yo‘llagan murojaatida aytiladi.

Tabrik xatida aytilishicha, bugun narkotiklar savdosi transchegaraviy va virtual xarakterga ega bo‘lib borayotgani xavf-xatarlarni yanada kuchaytirmoqda. Ayniqsa, jinoiy guruhlarning shifrlangan aloqa kanallari, kontaktsiz muloqot va murakkab moliyaviy vositalardan foydalanayotgani narkotiklarga qarshi kurashishda bizdan zamonaviy yechim va yondashuvlarni talab qilmoqda.

“Bugun aholi, ayniqsa, yoshlar orasida yangi sintetik narkotiklar, psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi moddalar keng tarqalayotgani ham barchamizni chuqur tashvishga solishi tabiiy”, deyiladi Prezident xabarida.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining ma’lumotiga ko‘ra, dunyoda 300 milliondan ortiq odam giyohvand moddalar ta’siriga tushib qolgan. Har yili 600 mingga yaqin inson ushbu illatning qurboniga aylanmoqda.

Qayd etilishicha, bugungi globallashuv sharoitida bunday xavf-xatar barcha davlatlar qatorida O‘zbekistonni ham chetlab o‘tayotgani yo‘q. Shu bois, O‘zbekistonda giyohvandlik va narkojinoyatlarga qarshi kurashish masalasini umummilliy harakatga aylantirib, barcha kuch va vositalarni safarbar qilyapti.

So‘nggi yillarda sohada idoralararo hamkorlikni mustahkamlash, profilaktika mexanizmlarini rivojlantirishga qaratilgan 20 dan ortiq qonun hujjatlari qabul qilingan. Ayniqsa, 2024 yilda narkotiklarga qarshi kurashish bo‘yicha milliy strategiya qabul qilingani bu boradagi eng katta qadam bo‘lgan.

Bunday sa’y-harakatlar hisobiga so‘nggi yillarda narkotiklarning noqonuniy aylanmasi bilan bog‘liq jinoyatlarni aniqlash ko‘rsatkichi 2,5 barobar oshgan, musodara qilingan giyohvandlik vositalari 2 barobar, yo‘q qilingan sintetik narkotiklar 7 barobar ko‘paygan.

“Birgina o‘tgan yilning o‘zida huquq-tartibot idoralari tomonidan 15 mingdan ziyod narkojinoyat fosh etildi, qariyb 3,5 tonna giyohvandlik vositalari, jumladan, 120 kilogramm sintetik narkotiklar yo‘q qilindi, 14 ta yashirin narkolaboratoriya va 72 ta yirik internet do‘koni faoliyatiga chek qo‘yildi”, deyiladi xabarda.

Qo‘shimcha qilinishicha, bunday jinoyatlarning uchdan biri yoshlar tomonidan sodir etilmoqda. Asosiy xavf guruhini 15 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lganlar tashkil qilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev narkojinoyat

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing