O‘zbekistonda ekstremizmni moliyalashtirish Jinoyat kodeksiga kiritiladi
Jamiyat
−
29 aprel 2510 1 daqiqa
O‘zbekistonda jinoiy daromadlarni legallashtirish bilan bog‘liq jinoyatlar uchun javobgarlikni xalqaro standartlarga moslashtirish bo‘yicha qonun loyihasi ishlab chiqiladi. Bu haqda Prezidentning joriy yilning 21 aprel kuni qabul qilingan “Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini samarali tashkil etishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida so‘z boradi.
Qonun loyihasida:
- jinoiy daromadlarni legallashtirish jinoyati uchun belgilangan jazo choralarini qilmishning ijtimoiy xavflilik darajasiga mutanosib ravishda qayta taqsimlash;
- insayder axborotdan foydalanish yoki qimmatli qog‘ozlar bozorida hiyla-nayrang ishlatish bilan bog‘liq holatlar uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlikni belgilash;
- ekstremizmni moliyalashtirganlik uchun jinoiy javobgarlik kiritish masalalari nazarda tutiladi.
Mazkur qonun loyihasi joriy yilning may oyida tayyor bo‘lishi zarur. Vazifa ijrosini ta’minlash Bosh prokuratura, Adliya vazirligi va Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga topshirilgan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda ommaviy tartibsizliklar sodir etish maqsadida o‘quvdan o‘tganlik uchun javobgarlik belgilangandi. Xususan, “O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 244-moddasiga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risida”gi qonun bilan Jinoyat kodeksining 244-moddasiga ommaviy tartibsizliklar sodir etish maqsadida o‘quvdan o‘tganlik hamda ushbu faoliyatni moliyalashtirganlik uchun javobgarlikni belgilovchi o‘zgartirish kiritish nazarda tutilmoqda.
Live
Barchasi