O‘zbekistonda infeksiya tarqalish xavfi bor – Sanepidqo‘mita
Jamiyat
−
17 Sentabr 2025 17819 2 daqiqa
Rossiya Federatsiyasi va qo‘shni mamlakatlarda o‘tkir respirator infeksiyalarning (O‘RI) sezilarli mavsumiy ko‘tarilishi fonida aviaqatnovlar, mehnat migratsiyasi, xizmat safarlari orqali O‘zbekistonga kasallikning chetdan kirib kelishi va tarqalish xavfi mavjud. Bu haqda Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasida o‘tkir respirator infeksiyalar bo‘yicha epidemik vaziyat muntazam nazorat qilib borilmoqda. Gripp va O‘RI viruslarining aylanishini aniqlash maqsadida virusologik tadqiqotlar o‘tkazilmoqda.
“Sanepidqo‘mita tasarrufidagi 15 ta virusologiya laboratoriyalarida gripp va grippga o‘xshash kasalliklarni tashxislash amalga oshirilmoqda. O‘RI kasallanish ko‘rsatkichlari epidemik bo‘sag‘adan (ko‘p yillik kasallanish ko‘rsatkichidan) 36,5 foizga pastligi kuzatilmoqda”, deyiladi xabarda.
Bildirilishicha, mamlakatda kasallanishni yoshma-yosh tahlil qilinganda eng yuqori ko‘rsatkich 0-1 yoshdagi bolalar o‘rtasida uchrayotgani ma’lum bo‘lgan. Hozirgi vaqtda respublikada gripp va O‘RI bo‘yicha epidemik vaziyat barqaror va Sanepidqo‘mita tomonidan nazoratga olingan.
Ma’lumot uchun, o‘tkir respirator kasalliklar – viruslar qo‘zg‘atadigan, kelib chiqishi bir-biriga o‘xshash o‘tkir infeksion kasalliklarning umumiy nomi. U nafas yo‘llari (burun, hiqildoq, kekirdak, bronxlar) shilliq pardalari, ko‘z shilliq pardasiga zarar yetishi bilan kechadi. O‘tkir respirator kasalliklarning qo‘zg‘atuvchilariga adenoviruslar, paragripp viruslari, rinoviruslar va boshqalar kiradi. O‘tkir respirator kasalliklarning ayrim (sporadik) guruhlari ko‘proq kuzatiladi, lekin ular aholining butun bir guruhini ham qamrab olishi mumkin.
Live
BarchasiAliyev ishchi tashrif bilan BAAga bordi
02 fevral