O‘zbekistondan Umra aviaqatnovlariga ruxsat berildi
Jamiyat
−
10 mart 1819 1 daqiqa
Bugun, 10 martdan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi mamlakat hududidan Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklariga ikki tomonlama yo‘lovchi tashishni tashkil etishga ruxsat berdi. Bu haqda O‘zbekistondagi milliy va xorijiy aviakompaniyalarga yuborilgan xatda so‘z boradi.
Xatda keltirilishicha, bundan oldin yo‘lovchi turi va fuqaroligi bo‘yicha qo‘yilgan cheklovlar bekor qilinadi. Saudiya Arabistoniga amalga oshirilayotgan parvozlarda Umra mavsumi nihoyasiga yetayotganligi va “Haj-2026” mavsumidan oldin barcha Umra ziyoratchilari Saudiya Arabistonining amaldagi qonunchiligiga muvofiq mamlakatdan chiqib ketishi shartligini inobatga olinishi lozim.
Bunda “Uzbekistan Airports” AJ Saudiya Arabistoniga parvoz qilayotgan barcha turdagi yo‘lovchilarni ortga qaytish chiptasi borligini tekshirishni, ortga qaytish aviachiptasiga ega bo‘lmagan yo‘lovchilar ro‘yxatini aviakompaniyalar va turoperatorlar kesimida shakllantirib, har kuni ish smenalari tugashi bilan “O‘zaviatsiya” agentligidagi shtabga kiritib borilishini ta’minlaydi.
Parvozlarni tashkil etishda parvozlar xavfsizligi talablari, xalqaro havo tashuvlari bo‘yicha amaldagi qoidalar, shuningdek Saudiya Arabistoni va BAAning vakolatli organlari tomonidan belgilangan talab va tartiblarga qat’iy rioya etilishi kerak.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yaqin Sharq mintaqasida yuzaga kelgan vaziyatning keskinlashuvi hamda havo makonidan foydalanish bo‘yicha joriy etilgan vaqtinchalik cheklovlar sababli qator aviaqatnovlar bekor qilingandi. Shu sababli O‘zbekistondan Umra safarlari ham vaqtincha kechiktirilgan edi.
Live
Barchasi