O‘zbekistondan Umra safarlari vaqtincha kechiktiriladi

Jamiyat

image

Yaqin Sharq mintaqasida yuzaga kelgan vaziyatning keskinlashuvi hamda havo makonidan foydalanish bo‘yicha joriy etilgan vaqtinchalik cheklovlar sababli qator aviaqatnovlar bekor qilinmoqda. Shu sababli O‘zbekistondan Umra safarlari vaqtincha kechiktiriladi. Bu haqda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita xabar berdi.

“O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan fuqarolarga ushbu hududdagi davlatlarga safar uyushtirmaslik, ayni paytda o‘sha yerlarda bo‘lib turgan vatandoshlarimizga esa ehtiyotkorlik choralarini kuchaytirish yuzasidan zarur tavsiyalar berilmoqda.

Mazkur vaziyatni inobatga olgan holda, fuqarolarimiz xavfsizligini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda turoperatorlar tomonidan tashkil etilayotgan Umra safarlari vaqtincha kechiktiriladi”, deyiladi xabarda.

Bildirilishich, ertaga, 2 mart kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan rejalashtirilgan Toshkent–Jidda yo‘nalishidagi navbatdagi umra ziyoratchilari reysi ham ma’lum muddatga qoldiriladi.

Aviaqatnovlar qayta tiklanishi haqida rasmiy manbalar orqali qo‘shimcha axborot beriladi.

“Yurtdoshlarimizdan ushbu holatni to‘g‘ri qabul qilishlarini va rasmiy ma’lumotlarga tayanib ish yuritishlarini so‘raymiz”, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qatar havo hududining vaqtincha yopilishi oqibatida Toshkentga qaytayotgan 48 nafar o‘zbekistonlik Doha aeroportida qolib ketgani haqida xabar berilgan edi.

AQSH–Isroil–Eron urushi

Kecha, 28 fevral kuni Isroil kutilmagan vaqtda Eronga qarata havodan zarbalar yo‘lladi. Ushbu zarbalar Eronning muhim ob’ektlari – Prezident qarorgohi, davlat idoralari va yadro inshootlariga tekkani iddao qilinmoqda. Eronning “Mehr” axborot agentligi Tehrondagi Eron razvedka binosiga ham hujum qilinganini yozgan. Isroil tomonidan start berilgan operatsiya “Yehuda qalqoni” deb nomlangan. Dastlabki manbalarga ko‘ra, Eronga o‘ttizdan ortiq raketalar yo‘llangan bo‘lishi mumkin.

Oradan biroz vaqt o‘tib Isroil Mudofaa kuchlari Eronga hujumni rasman tasdiqlagan. Shuningdek, Mudofaa vazirligi Isroil fuqarolaridan xavfsiz joyga yashirinishni so‘ragan. Mamlakatda shoshilinch ravishda favqulodda holat e’lon qilingan.

Shu orada AQSH Prezidenti Donald Tramp Eron bo‘yicha operatsiyalar haqida 8 daqiqalik bayonot bergan va unda Eronga qilingan hujumda AQSHning ishtirok etganini tasdiqlagan. Uning qayd etishicha, Eronga qilingan harbiy opreatsiyalar Amerika xalqini himoya qilish uchun amalga oshirilmoqda. U o‘z bayonotida eronliklarni amaldagi tuzumni ag‘darishga chaqirgan. Tramp Eron harbiy xizmatchilariga taslim bo‘lishni va buning evaziga «immunitet» olishni taklif qildi yoki “muqarrar o‘lim”ni tanlashlari mumkinligini aytgan.

Qolaversa, barcha voqealarni bir chetdan kuzatib turgan Eron sobiq valiahd shahzodasi Rizo Pahlaviy ham Eron xalqiga murojaat qilib, mamlakat uchun hal qiluvchi lahzalar kelganini ta’kidlagan. Shuningdek, u bu so‘nggi jang ekanini va unda Eron xalqi Islom Respublikasi tuzumi ustidan g‘alaba qozonishini ta’kidlagan.

Oradan ko‘p vaqt o‘tmay endi Eron Isroil davlati hududiga qarata zarba yo‘llashni boshladi.

Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu ham hujumlarni tasdiqlab, bayonot bergan. Unga ko‘ra, Isroil va AQSHning Eronga qarshi qo‘shma operatsiyasi Eron terror rejimi keltirib chiqarayotgan tahdidni bartaraf etishga qaratilgan. Netanyaxu maxsus murojaatida so‘nggi 47 yil davomida Eron rahbariyati Isroil va AQSHga qarshi ochiq tahdidlar qilgan hamda mintaqada zo‘ravonlik siyosatini yuritganini aytgan.

Avvalroq, Eron davlat televideniyesi Xomanaiy Isroil va AQSH tomonidan o‘ldirilganini xabar qilgan edi. Eronning “Tasnim” axborot agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, u kecha, 28 fevral kuni ertalab o‘z ishxonasida o‘ldirilgan. Oyatullohning vafoti munosabati bilan mamlakat bo‘ylab 40 kunlik umumxalq motami va 7 kunlik umumxalq dam olish kunlari e’lon qilindi.

Shuningdek, Eron hududiga uyushtirilgan hujum chog‘ida Oyatullohning oila a’zolaridan to‘rt kishi – qizi, kuyovi, nabirasi va kelinlaridan biri ham halok bo‘lgan.

Qayd etish joiz, Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi Islom Respublikasi Oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiyning vafoti tasdiqlanganidan so‘ng, mamlakat “Qurolli kuchlari tarixidagi eng shiddatli hujum operatsiyasi” boshlanganini ma’lum qilgandi.

Shundan so‘ng, Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi mamlakat Isroil va AQSHga qarshi yangi hujumlar boshlanganini e’lon qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Umra Yaqin Sharq

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing