O‘zbekistonlik mashhur bokschilar ustoziga mashina sovg‘a qildi (video)
Sport
−
29 Sentabr 14273 1 daqiqa
O‘zbekistonlik professional bokschilar Murodjon Ahmadaliyev, Isroil Madrimov va Bahodir Jalolov ustozi – To‘lqin Qilichevga avtomobil sovg‘a qildi. Bu haqda sportchilar o‘zlarining Instagram sahifalarida post joyladi.
Bokschilar 1 oktyabr – ustoz va murabbiylar kuni munosabati bilan 42 yoshli mutaxassisga Mercedes mashinasini sovg‘a qilgan.
Ma’lumot uchun, To‘lqin Qilichev 2022 yilning avgust oyida O‘zbekiston milliy boks jamoasiga bosh murabbiy etib tayinlangan edi. Uning rahbarligida terma jamoa qisqa vaqt ichida tarixiy natijalar qayd etishga muvaffaq bo‘ldi. Xususan, 2023 yilda bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida hamda 2024 yilda o‘tkazilgan jahon kubogida o‘zbekistonlik bokschilar umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egallab, butun dunyo sport jamoatchiligining e’tiborini qozondi.
Bundan tashqari, 2024 yilda Parij Olimpiadasida ham To‘lqin Qilichev qo‘l ostidagi shogirdlar ulkan zafarlarga erishib, beshta oltin medalni qo‘lga kiritdi. Bu natija o‘zbek boksi tarixida misli ko‘rilmagan ko‘rsatkich sifatida qayd etildi.
Muvaffaqiyatli faoliyati va sportga qo‘shgan beqiyos hissasi uchun To‘lqin Qilichev 2024 yilda Osiyo boks konfederatsiyasi tomonidan qit’aning eng yaxshi murabbiyi sifatida e’tirof etilgan.